“ALPHA Education” “Yozgi koordinatorlar maktabi” ta’lim dasturiga ishga qabul qilmoqda. Bu haqda “Spot"ga biznes maktabi xabar berdi.
Dastur jamoani shakllantirish va ta’lim tadbirlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash maqsadida amalga oshiriladi.
Ishtirokchilar hamkasblari bilan aloqa o‘rnatishlari, ular bilan tajriba almashishlari mumkin bo‘ladi.
Dasturda konsepsiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha jamoaviy mashg‘ulotlar, konferensiyalar, ma’rifiy tadbirlar, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, talabalar uchun quyidagi mavzularda mini-ma'ruzalar tashkil etiladi:
- taym-menejment;
- negativlar bilan ishlash, stressga chidamlilik;
- har xil turdagi mijozlar bilan samarali muloqot qilish;
- loyihalar boshqaruvi.
Koordinatorlar uchun yozgi maktab 8-iyuldan boshlanadi. Unda ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Darslar aralash formatda (onlayn va oflayn) olib boriladi. Dasturda ishtirok etish bepul va eng yaxshi ishtirokchilar “ALPHA” kompaniyasidan pullik stajirovka taklifini oladilar.