Joriy yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov 4-iyul kuni tibbiyot va farmatsevtika sohalari vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Davlat rahbari tomonidan aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha elektron retsept tizimiga o‘tish topshirig‘i berilgani, bu bo‘yicha raqamlashtirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilib, eksperiment o‘tkazilgani qayd etildi.
“Elektron retseptga o‘tib, tibbiy sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yilgach joriy yilda uni Toshkentda joriy etishni rejalashtirganmiz”, — dedi vazir.
Bunda fuqarolar o‘zlariga kerakli dori-darmonni qat’iy belgilangan narxda faqat “Dori-darmon” dorixonasidan emas, xohlagan xususiy dorixonasidan olish huquqiga ega bo‘ladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro boradi, dorini oladi, fiksatsiya bo‘ladi, markazga informatsiya keladi, davlat shu xususiy aptekaga fuqaro uchun to‘lab beradi.
“Bu reimbursatsiya tizimi deyiladi. Sirdaryo viloyatida bu boshida o‘zini oqladi, qiyinchilik bo‘ladi, lekin elektron retseptga o‘tgach, raqobat muhiti paydo bo‘ladi, narxlar va xususiy subyektlar o‘rtasida ham raqobat shakllanadi”, — dedi Asilbek Xudayarov.
Shuningdek, vazir mazkur tizimning afzalligiga to‘xtalib, elektron retseptda platformaga nimalar kirsa, ilovada ham shu narsa bo‘ladi.
Masalan, qon bosimi ko‘tarilganda qanday standart asosida qanday dorilardan foydalanish kerakligi kiritiladi. Undan ortig‘i bo‘ladigan bo‘lsa, shifokor ham, dorixonachi ham qo‘lga tushadi, deya qayd etdi u.
Ikkinchidan, tizimda kontrabanda mahsulotini ham ko‘rish mumkin. Qonuniy ravishda mamlakatga kiritilib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari faqat umumiy bazaga kiritilib, kontrabanda mahsulotlari sotilgan taqdirda ham, bu tizimda ko‘rinadi. Vazir bu ko‘pchilik uchun og‘ir bo‘lishini aytib “biz bu yo‘ldan qaytmaymiz”, dedi vazir.
Yil boshida Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, DXSh loyihalarini tezlashtirish va farmatsevtika sohasini isloh qilishga bo‘yicha takliflar bergandi.
Joriy yilda Toshkentda tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etiladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi. Ayrim vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Tez yordam “Call-markaz"larida bemorlarga shifokor maslahati yo‘lga qo‘yiladi. 2024-yil Toshkentda, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinadi.