“Mobiuz” uyali aloqa operatori bir necha kundan buyon texnik nosozliklar sababli bir qator xizmatlarda uzilishlarga duch kelmoqda.

Xizmatlarni tiklash ishlari haqida birinchi xabar 3-iyul kuni ma’lum qilingan. Operator matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, ayni paytda raqamlar balansini va turli to‘plamlar qoldig‘ini tekshirish, yangi xizmatlarni faollashtirish, hisobni to‘ldirish, yangi raqamlarni ulash kabi xizmatlardan vaqtincha foydalanib bo‘lmaydi.

Kompaniya mobil internet, qo‘ng‘iroqlar va SMSlar odatiy tartibda ishlayotganligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, abonentlar va korporativ mijozlar ushbu xizmatlardan hech qanday cheklovlarsiz foydalanishlari mumkin.

“Mutaxassislarimiz xizmatlarni to‘liq tiklash ustida ish olib borishmoqda. Bu jarayon davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Tushunganingiz va sabr-toqatingiz uchun rahmat aytamiz”, — deyiladi xabarda.

Navbatdagi murojaat bugun, 5-iyul kuni e’lon qilindi. Yuqorida sanab o‘tilgan qo‘shimcha xizmatlar mavjud emas, shuningdek, billing tizimidagi ish tufayli “Mobiuz” mobil ilovasi vaqtincha ishlamay qolgan.

“Kutilmagan holat natijasida hozirda “Mobiuz"ning ba’zi xizmatlari faoliyati cheklangan. Xususan, raqamlar balansini va turli to‘plamlar qoldig‘ini tekshirish, yangi xizmatlarni faollashtirish, hisobni to‘ldirish, yangi raqamlarni ulash kabi xizmatlardan vaqtincha foydalanib bo‘lmayapti. Texnik ishlar kompaniyaning billing tizimida olib borilayotgani sababli kompaniyaning mobil ilovasidan foydalanishni ham vaqtinchalik iloji yo‘q”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, operatorning asosiy xizmatlari — mobil internet, ovozli qo‘ng‘iroqlar va SMS xabarlar odatdagidek ishlamoqda.

“Balansingizda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, tarif rejangizda yoki internet-to‘plamingizda megabaytlar qolmagan bo‘lsa ham, kompaniya avariyaviy-tiklash ishlari davomida xizmat ko‘rsatishni to‘xtatmaydi. Ya’ni, balansingizni to‘ldira olmagan bo‘lsangiz yoki tarifdagi to‘plamlar qolmaganligida, raqamingiz bandlanmaydi yoki manfiy balansga o‘tib ketmaydi. Siz aloqada qolishingiz va raqamingiz haqida qayg‘urmasligingiz mumkin”, — deyiladi murojaatda.

Ishlar yakunlanganidan so‘ng kompaniya abonentlarni bu haqda xabardor qiladi hamda tarif va xizmatlaringiz holatini qayta ko‘rib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi, dedi operator vakili.


Avvalroq “Spot” “Beeline Uzbekistan” internet va boshqa xizmatlarda uzilishlarga duch kelgani haqida yozgandi.