Strategik islohotlar agentligi “Allianz Pension Ranking 2023” pensiya reytingi natijalari asosida O‘zbekistonda pensiya tizimini yaxshilash imkoniyatlarini tahlil qildi.
Xususab, O‘zbekiston mazkur pensiya reytingida 75ta mamlakat ichidan 71-o‘rinni qayd etdi.
Reyting uchta sub-indekslar — bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligiga asoslanib, 1dan 7gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi, mamlakatning umumiy bahosi esa 4,5ni tashkil etdi.
O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi (12−25%) boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffitsienti (55%) o‘rtacha.
Mazkur ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik esa, fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanligini bildiradi.
Mamlakatda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past — 38%ni tashkil etadi. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.
O‘zbekiston pensiya tizimi majburiy badallar bo‘yicha belgilangan to‘lov tizimidan iborat bo‘lib, borgan sari davlat budjetidan ko‘proq moliyalashtirilmoqda.
So‘nggi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 baravarga, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020-yildan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirishga budjetdan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.
2022-yilda uning miqdori 11 trln so‘m (jami xarajatning 24,7%) tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 15 trln so‘m (29%) ko‘zda tutilgan. 2030-yilda transfert miqdori 38 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.
O‘zbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Yagona individual jamg‘arish dasturi majburiy bo‘lib, badallar stavkasi past (oylik ish haqining 0,1%) va cheklovchi qoidalari ko‘p bo‘lgani hisobiga unchalik ham ahamiyatli emas.
Bu mablag‘larga har yili inflyatsiya miqdorida foiz daromadlari hisoblansa-da, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yo‘naltirish huquqiga ega emas.
Daniya va Niderlandiya bu kabi reytinglarda eng yuqori o‘rinlarda turadi, pensiya tizimlari kuchli komponentga asoslangan. Masalan, Niderlandiyada budjet hisobidan moliyalashtiriladigan bazaviy belgilangan stavkali davlat pensiyasi mavjud. Germaniyada pensiya tizimi uchun umumiy badal stavkasi 18,6%ni, qamrov darajasi esa 82%ni tashkil qiladi.
Jahon banki ko‘p pog‘onali pensiya tizimi uchun bir nechta yondashuvni tavsiya qiladi. Bular qatorida budjet hisobidan bazaviy pensiya, to‘lovlar miqdori belgilangan majburiy davlat pensiya ta’minoti tizimi kabilar bor.
Shuningdek, birinchi variantdan boshqa barcha pensiyalar o‘z-o‘zidan moliyalashtirilishi, ya’ni individual ishtirokchilar va ish beruvchilarning badallari hisobidan to‘lanishi kerak.
“Xalq banki"dagi majburiy pensiya jamg‘arma hisobvaraqlari tizimini ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga o‘tkazilishi orqali O‘zbekiston pensiya tizimini takomillashtirish mumkin.
Yirik ish beruvchilarga kasbiy pensiya ta’minoti tizimini joriy etishga ruxsat berish, ularni moliya institutlari bilan hamkorlik uchun bog‘lash taklif etiladi.
Tizimni yaxshilashda o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan pensiya jamg‘armasiga kiritiladigan badallar miqdorini bir martalik qat’iy belgilangan miqdor o‘rniga daromadga bog‘lash va ularga oz miqdorda badal kiritishga ruxsat berish kerak.
Har bir pensiya uchun ma’muriy va operatsion xarajatlarni kamaytirishga jamg‘arma boshqaruvini takomillashtirish ham zarur.
Shaffoflikni oshirish, aniq mezonlarni belgilash va tizimni avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. Rasmiy bandlik darajasini, jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida oshirish tizimga badallar bazasini va aholi qamrovini oshiradi.
Agentlik tomonidan pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish tavsiya etiladi.
Bunda tizimni isloh qilish, pensiya tayinlash shartlarini, pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta ko‘rib chiqish, tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi kerak.
2023-yilning 1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirilgandi. Joriy yilning 1-mayidan esa pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga — 648 ming so‘mga yetkazildi.
Endi pensiyalar miqdorlari inflyatsiya darajasining o‘sish sur’atlari asosida oshirib boriladi. Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish huquqi berildi.