Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ustidan shikoyat qilish imkoniyatini beradi, deb xabar qildi portal matbuot xizmati.

1-sentabrdan asossiz tuzilgan bayonnoma yuzasidan IIV YHXXga dalillar ilova qilingan holda elektron ariza yuborish funksiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu Vazirlar Mahkamasining 3-iyuldagi qarorida nazarda tutilgan.

Yuborilgan shikoyat arizalari YHXX tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Murojaat ko‘rib chiqilayotgan vaqt mobaynida jarima uchun belgilangan chegirma muddati to‘xtatib turilmaydi.

Agar shikoyat o‘rinli deb topilsa, YHXX tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 271-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar, shuningdek, avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berganlik uchun yig‘imlar to‘lash funksiyasi MyGovUz ilovasining may oyidagi yangilanishida paydo bo‘ldi. Haydovchilar sug‘urta va texnik ko‘rikning amal qilish muddatini ham bilib olishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgani haqida yozgandi.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.