“IT Park” va “EY” (Ernst & Young) kompaniyasi o‘rtasida “tartibga soluvchi qumdon” maxsus huquqiy rejimini ishlab chiqish, joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuv doirasida “EY” xalqaro tendensiyalarning umumiy ko‘rinishini taqdim etadi, cheklovlar va ta’sir etuvchi omillarni tahlil qiladi.
Shuningdek, xalqaro tajriba va O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda “tartibga soluvchi sinov muhiti” elementlarini ishlab chiqadi.
“Qumdon” kompaniyalarga qat’iy qonuniy talablardan qochib, innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni tartibga soluvchi nazorat ostida sinab ko‘rish imkonini beradi.
Loyiha “O‘zbekiston” xalqaro raqamli texnologiyalar markazi faoliyati doirasida yaratiladi. Shuningdek, tomonlar Markazni yanada rivojlantirish rejalarini ham muhokama qildilar.
Avvalroq “Spot” IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uch yilga soliqlardan ozod etilishi haqida yozgandi.
Ularga IT Park rezidenti maqomi berilib, tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishlari uchun ijtimoiy karta bilan ta’minlanadi.