Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan Hayraton — Mozori Sharif yo‘nalishini rekonstruksiya qilish bo‘yicha shartnomani uzaytirdi, deb xabar bermoqda “TOLOnews” nashri.

Mamlakat delegatsiyasi O‘TY rahbariyati bilan muzokaralar olib borish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Afg‘oniston temir yo‘llari matbuot kotibi Muhammad Ashraf Xakshinasning aytishicha, tomonlar ikki tomonlama hamkorlik va qo‘shma loyihalarni muhokama qilgan.

Hayraton va Mozori Sharif o‘rtasidagi yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuv olti oyga uzaytirildi. Xakshinasning so‘zlariga ko‘ra, bu “temir yo‘ldagi qolgan ishlarni yakunlash” imkonini beradi.

Shuningdek, muzokaralarda Transafg‘on temir yo‘li qurilishi uchun hududning texnik tadqiqotlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, afg‘on temiryo‘lchilarini O‘zbekistonda tayyorlash mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Afg‘oniston Sanoat va tog‘-kon sanoati palatasi bo‘lajak avtomobil yo‘lining afzalliklarini qayd etdi. Palata rahbarining birinchi o‘rinbosari Saxi Ahmad Payman uning qurilishiga xususiy sarmoya jalb etilishiga umid bildirdi.

2010-yilda qurilgan Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari joriy yilning 21-fevral kuni boshlangandi. Liniyadagi ishlar bilan bir qatorda Hayratan bekati parkida ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Afg‘oniston Pokiston bilan birgalikda Transafg‘on temir yo‘li loyihasi ustida ishlashni davom ettirmoqda. Uchta mamlakatni o‘zaro bog‘lovchi avtomobil yo‘lini qurish g‘oyasi 2018-yilda ilgari surilgandi.

2023-yilning noyabrida taqdim etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati $7 mlrdga baholandi. Loyiha “Build — Operate — Transfer” formatida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi mumkinligi qayd etildi.


Avvalroq Sanepid qo‘mitasi Afg‘onistonning anor ta’mli gazlangan suvini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi. Qirg‘izistonda mazkur ichimlikdan zararli bo‘yoq aniqlanganidan keyin ichimlik partiyalari sotuvdan olib qo‘yildi.