Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tadbirkorlarni xususiylashtirish jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
So‘rovnoma natijalari bo‘yicha xususiylashtirish tartibini takomillashtirish va tadbirkorlarni xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi belgilangan. So‘rovnomada quyidagilar baholanadi:
- xususiylashtirish va undagi imtiyozlardan xabardorlik darajasi;
- xususiylashtirish tartibi bo‘yicha xabardorlik va fikr-mulohazalar;
- xususiylashtirilayotgan obyektni sotib olishga to‘sqinlik qilayotgan omillar to‘g‘risida fikr-mulohazalar;
- Jarayonning ochiqligi va undagi korrupsion holatlar bo‘yicha fikr-mulohazalar.
So‘rovnomada ikkita tilda — o‘zbek va rus tillarida ishtirok etish mumkin.
Avvalroq prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi, hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilangan.