Vazirlar Mahkamasining 3-iyuldagi tegishli qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga ishlab chiqarishlardagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, barcha toifalardagi avtomototransport vositalariga “Ekologik transport” tizimini joriy etish muddatiga o‘zgartirish kiritildi.
Ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qiluvchi tizim 2024-yilning 1-iyunidan kuchga kirishi kerak edi.
Endilikda mazkur hujjat bilan transport vositalariga ekologik stikerlar berish 2025-yilning 1-martidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida quyidagilar nazarda tutilgan:
- quyosh fotoelektr stansiyalarini binolarning tomlari va fasadlariga o‘rnatish uchun davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun loyiha hujjatlarini taqdim etish talabini bekor qilish;
- atrof-muhitga va unga tutash hududlarga ta’sir ko‘rsatadigan sanoat korxonalarida “yashil zonalar” yaratish va rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish.
Joriy yilning 30-mart kuni atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.
Hududlar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga, avtomobillar ham xuddi shu tartibda ekologik toifalarga ajratiladi.
“Zararli” avtomobillarga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi. Bundan tashqari, ularning tegishli ekologik zonalar hududida kirishi cheklanadi yoki taqiqlanadi.
“Ekologik transport” tizimini 2024−2026 yillarda Toshkent shahrida, 2026−2028 yillarda hududlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda, jumladan, sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish hamda dam olish maskanlarida joriy etiladi. 2028−2030 yillarda esa boshqa barcha hududlarda amalga oshiriladi.