Joriy yilning 5-iyul kuni bloger Shuhrat Qurbanov o‘z sahifasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) tomonidan o‘tgan oy uchun hisoblangan 198 kV/soat elektr noto‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi haqida post qoldirgandi.
Boshqa iste’molchilar tomonidan ham Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi fikrlar qoldirilgan.
Aksariyat holatda ular o‘z hisob raqamlarini tekshirganda belgilangan ijtimoiy norma, ya’ni 200 kVt/soat iste’mol qilinmagan bo‘lsa-da, iste’molning ma’lum qismi yuqori — 900 so‘mlik tarifda hisoblanganligi bo‘yicha e’tirozlar bildirishgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, hisoblagichlardagi har bir ko‘rsatkich aniqlik bilan hisob-kitob qilinishini ta’kidladi.
ASKUE tizimi iste’molchilarga o‘rnatilgan hisoblagichlar orqali kun yakuni bilan, ya’ni soat 00:00da iste’mol qilingan ko‘rsatkichlarni tizimga yuboradi. O‘z navbatida, billing tizimi hisoblagich ko‘rsatkichlarini sutka davomida iste’molchilarning hisob raqamiga yozib olib, hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Korxona mazkur holatni bir oylik elektr energiyasi iste’moli hisob-kitobi misolida ko‘rsatib berdi. Masalan, iste’molchida 1-iyun holatiga ko‘rsatkich 12 440 kVt/soat va 30-iyun sanasiga 12 750 kVt/soatni tashkil etadi.
Bunda 12 750 — 12 440 = 310 kVt/soat = 200*450 + 110*900 = 189 ming so‘m. Ko‘rsatkichlar orasidagi kunlar soni 29 sutkaga tengdir. Oyning oxirgi kuni — 30-iyun sutkasidagi iste’mol kunining yakuni, ya’ni 1-iyul, soat 00:00 sanasida yozib olinadi.
Yangi oy boshlanganligi sababli o‘tgan oyning oxirgi kunidagi bir kunlik iste’mol yangi oyga qo‘shiladi va o‘tgan oyda iste’mol 200 kVt/soatdan oshganligi sabab, keyingi 900 so‘mlik narxdan hisoblab ko‘rsatiladi.
Shunda, 5-iyulda iste’molchi 40 kVt/soat iste’mol qilgan bo‘lsa va 30-iyundagi bir kunlik iste’mol 10 kVt/soat bo‘lganda quyidagicha hisob-kitob qilinadi: 10*900 + 40*450= 27 ming so‘m.
Kompaniya iste’molchilarga mazkur tizimda barcha funksiyalar raqamlashtirilganligi hamda inson omili ishtirok etmasligini qayd etmoqda.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi hisoblagichlarning elektr quvvatini ortiqcha hisoblayotganligi holatlarini o‘rganishini ma’lum qilgandi. Bu kabi holatlar iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.