Joriy yilning olti oy davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4 537ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra 163,3 mln metr kub tabiiy gaz (249,3 mlrd so‘m) va 220,7 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan (301 mlrd so‘m) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 550,3 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, 89ta AGTKSh, 94ta issiqxona, 94ta tekstil korxona va 2ta ohak ishlab chiqarish sexlari faoliyatida noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.
Kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha 75ta holatda elektrdan noqonuniy foydalanilgan. Bu bo‘yicha elektr ta’minoti korxonasi tomonidan jami 81,6 mlrd so‘m (15,9 mln kilovatt-soat) miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 3 382ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Aniqlangan holatlarning 1 904tasi elektr energiyasi, 1 478tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.
Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida AYOQSh va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 91ta holatda 3,78 mln litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.
Reaktiv energiyasini kompensatsiya qilinishi bo‘yicha quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarga 23 mingdan ziyod yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 2 923ta iste’molchida qurilmalarning o‘rnatilishi ta’minlandi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 5 757ta ijtimoiy soha obyekti, 2 756ta ko‘p qavatli uylar elektr hamda 5 329ta elektr va gaz ta’minoti korxonalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
Iyul oyi boshida prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangani ma’lum qilingandi. Bunga tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayotgani sabab bo‘lmoqda.