Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJda mahsulot narxlarini asossiz oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Zavodda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘it mahsulot narxlarini shakllantirishda amaldagi normativ hujjatlarga rioya etilmagan hamda narxlar o‘rtacha 10%dan 15%gacha oshishiga sabab bo‘lgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, qo‘mita tomonidan “Maxam-Chirchiq” zavodiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, mazkur omil qishloq xo‘jaligi korxonalari (klaster, fermer, dehqon va boshqalar)ga bevosita ta’sir qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkin.
Qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi.
Korxonada 40dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan karbamid, ammiakli selitra, ammoniy sulfat, KAS, suyuq texnik ammiak, konsentrlanmagan nitrat kislotasi hamda katalizator kabilar ishlab chiqariladi.
Bundan oldin Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.