“Mening bog‘im” loyihasiga ovoz berish jarayoni yakunlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 23-iyunidan 7-iyuligacha davom etgan jarayonda mamlakat bo‘ylab “Ochiq Budjet” portali orqali 53 mingtadan ortiq ovoz qabul qilindi.
Birinchi mavsumda jami 738ta loyiha ovozga qo‘yilib, jarayon yakunlari asosida jami 215ta loyiha g‘olib deb topildi.
Mazkur loyihalarni moliyalashtirishga mamlakat bo‘yicha 48,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. G‘olib deb topilgan loyihalar bilan havola orqali tanishish mumkin.
Mart oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 444ta o‘rmon plantatsiyalari va 160ta istirohat bog‘lari barpo etishga 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilingandi.
6-iyuldan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ikkinchi mavsumiga start berildi. Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.