O‘zbekistonda pensiya oluvchi fuqarolar soni 4 mlndan oshdi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, joriy yilning 1-iyun holati ko‘ra, jamg‘arma hisobida turib pensiya oluvchi fuqarolar soni 4 mln 8 ming 597 nafarni tashkil etadi.
Bundan bir oy oldin, may oyi boshida ularning soni 3 mln 998 ming 966 nafarni tashkil etgandi.
Hududlar kesimida pensiya oluvchi fuqarolarning eng ko‘p soni Farg‘ona (473 337 nafar), Samarqand (426 789 nafar) hamda Andijon (374 667 nafar) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Jamg‘arma tomonidan dastlabki besh oyda 124 184 nafar fuqaroga yangi pensiyalar tayinlangan.
Shundan 102 610 nafariga yoshga doir, 14 388 nafariga nogironlik hamda 7 186 nafariga esa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari tayinlandi.
5-iyul kuni jamg‘arma tomonidan iyul oyida pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq moliyalashtirilgani ma’lum qilindi.
Avvalroq Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda pensiya tizimini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar bergandi. Mamlakatda mazkur tizimni yaxshilash uchun pensiya tayinlash shartlarini va pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.