“Telegram” messenjerida soxta “PUBG” akkauntini sotish bilan fuqarolarni aldab kelgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrida yashovchi 19 yoshli I.H. “Telegram” orqali “noma'lum shaxs” tomonidan 1,47 mln so‘m miqdoridagi pullari firibgarlik yo‘li bilan o‘tkazib olinganligi yuzasidan IIOga murojaat qildi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi 20 yoshli E.A. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, E.A., I.H. bilan “Telegram"da tanishib, unga “PUBG” onlayn o‘yinining kuchaytirilgan akkauntini sotishini aytgan.
Shu bilan oldindan plastik kartasiga 1,47 mln so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olib, kelishilgan akkauntni bermasdan, yozishmalarni o‘chirib yuborgan va uni qora ro‘yxatga kiritgan.
Holat yuzasidan E.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoiy harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Kiberxavfsizlik markazi fuqarolardan bu kabi holatlar kuzatilsa, 102 yoki 1102 ishonch raqamlariga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.
Avvalroq fuqaro kartasidan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘g‘irlagan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi. Firibgar o‘zini “Click” xodimi sifatida tanishtirib, fuqaro kartasiga kiberhujum bo‘layotganligini aytgan va SMS-xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritgan.
Qoraqalpog‘istonda yashovchi fuqaro Toshkentda yashovchi fuqaroning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, 50 mln so‘m pullarini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgandi.