Texnikum bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hukumatning tegishli qarori bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida OTMlarning bakalavriatiga 2-kursdan o‘qishga qabul qilish belgilangan.
Mazkur toifadagi abituriyentlar joriy yilning 5-iyulidan Yagona ta’lim xizmatlari portali — my.edu.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur tartib oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tizimdan One ID yoki telefon raqam orqali ro‘yxatdan o‘tish zarur. Arizalar joriy yilning 25-iyuligacha qabul qilinadi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga butun o‘qish davrida semestrlar yakuniga ko‘ra, o‘zlashtirish baholari “5 (a'lo)” va “4 (yaxshi)” biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50%i (tibbiyot OTMlari uchun kamida 85%i) “5 (a'lo)” bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.
Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlarini o‘rganadi. Imtihon kunlari hamda suhbat natijasi bo‘yicha bitiruvchining shaxsiy kabinetiga xabar yuboriladi.
Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. To‘lov-kontrakt blankalari esa talabalikka tavsiya etilganlarga beriladi.
Bunda OTM komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 67 ball va undan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
2023-yilning dekabrida hukumat qarori bilan texnikumlarda kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Tizim o‘quv jarayoni kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeliga muvofiq tashkil qilinadi.
Shuningdek, kollej va texnikumlarning 5ta sohasi bo‘yicha xotin-qizlarga grant berilishi belgilangan. Grantlar qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida ajratiladi.
Avvalroq 88 mingdan ortiq abituriyentga testda ishtirok etishga ruxsat berilmagani ma’lum qilingandi. Qabul qilingan nomzodlarning 46%ini joriy yilgi bitiruvchilar tashkil etmoqda. Shuningdek, abituriyentlarning 52,4%i xotin-qizlardir.