8-iyul kuni “Uzcard” to‘lov tizimida uzilishlar kuzatildi. Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmati profilaktik ishlar olib borilganini ma’lum qildi.
Xabarda 8-iyul kuni soat 17:40dan 17:55gacha texnik va profilaktik ishlar olib borilishi, shu sabab, E-POS terminallarida aloqa ulanishida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi qayd etildi.
“Uzum Bank”, “Click”, “TBC” hamda “Paynet” kabi bank to‘lov operatorlari ilovalarida “Uzcard” tizimidagi bank kartalari ma’lumotlari mavjud bo‘lmasdan, to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish imkoni cheklandi.
Bundan oldin, Yagona umumrespublika protsessing markazi 8-iyul kuni soat 02:00dan 03:00gacha profilaktika ishlari olib borilishi munosabati bilan, tizimda uzilishlar bo‘lishini bildirgandi. Yuqoridagidek holat to‘lov tizimi bilan yil boshida ham sodir bo‘lgandi.
May oyida to‘lov tizimi aksiyalarning boshlang‘ich chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Kompaniya 2023-yilda belgilangan talablarga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tgan.