“Yandex Uzbekistan” joriy yilning kuzida mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya “Spot"ga ma’lum qildi.
Ofis ochilishi jamoani kengaytirish, yangi xizmatlarni tezroq ishga tushirish va mamlakatda faoliyat yuritayotgan xizmatlarni kengaytirishga imkon beradi.
Shuningdek, kompaniya o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Toshkentdagi ofis O‘zbekistonda “Yandex Go” shahar xizmatlarini, ta’limiy, ko‘ngilochar va boshqa xizmatlarni rivojlantiruvchi xodimlarni birlashtiradi.
Ofis ochilgandan so‘ng “Yandex” yosh IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun amaliyot dasturlariga qabul qilishni boshlaydi.
Amaliyotlar kompaniya uchun ham, O‘zbekistonning butun IT-sohasi uchun ham kadrlar zaxirasini yaratishga yordam beradi.
Amaliyotlarning boshlanishi — bu “Yandex” kompaniyasining IT-ta'lim dasturining bir qismi bo‘lib, loyiha doirasida kompaniya qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda yuqori sinf o‘quvchilari uchun yangi Dasturlash maktablarini ochadi.
Bundan tashqari, informatika o‘qituvchilari uchun dasturlash bo‘yicha malaka oshirish kurslarini ishga tushiradi va ularga Python bo‘yicha metodik materiallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
“Yandex”, shuningdek, qizlarni IT-tadbirkorlik sohasida rivojlantirishga qaratilgan “Technovation Girls” mentorlik dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va sport dasturlash bo‘yicha intensiv treninglar o‘tkazadi.
Avvalroq “Spot” “Yandex Go” xizmati Urganch va Xivada ish boshlagani haqida yozgandi.