Endilikda energiya ishlab chiqarish va sotishda monopol mavqe bo‘lmaydi. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Joriy yilning 8-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Partiya rahbarining qayd etishicha, yig‘ilishda O‘zbekiston energetika sohasiga jiddiy o‘zgarishlar olib kiradigan “Energetika to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.
“Mobil aloqada xizmat ko‘rsatadigan kompaniyani tanlaganingizdek energiya sotadigan kompaniyani ham tanlash huquqingiz bo‘ladi. Energiya ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyalar orasida raqobat bo‘ladi. Amaldagi qonunda bu taqiqlangan edi”, — deydi Qodirov.
Shu kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ham mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, elektr energiyasi bilan ta’minlash, markaziy xaridorning funksiyalarini bajarish, elektr savdosi, importi va eksporti litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, energetika bozori ishtirokchilarining maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ham loyihada ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, elektr energiyasi bozorini tashkil etishga oid qoidalar, sohada tariflarni shaffof tamoyillar asosida shakllantirish tartiblari nazarda tutilmoqda.
Kiritilayotgan yangi normalar sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ishonchli, xavfsiz hamda barqaror elektr ta’minoti tizimini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
2023-yilning sentabrda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.
Mamlakatda yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakunigacha uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish belgilangan.
Avvalroq prezident energiya ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Joriy yilda 43 ming holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan o‘g‘irliklar aniqlangan.