9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi.
Tomonlar unda tashkilot bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqishdi. XMT bosh direktori O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlarini yuqori baholadi.
XMT mamlakat tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston tashkilotning Ma’muriy kengashiga saylangandi. Tashkilot ko‘magida mamlakatda mehnat sohasida 40dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22ta xalqaro konvensiya ratifikatsiyalandi.
Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan, “Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi” doirasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida 2026−2030 yillarga mo‘ljallangan yangi mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishildi.
Joriy yilning mart oyida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston 1949-yilda Jenevada imzolangan xalqaro konvensiyaning yuzinchi ishtirokchisi bo‘ldi.