8-iyul kuni hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirish, shaharlar va tumanlar markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Aholi va sayyohlar uchun qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil qilish master-rejalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
2024-yilning 1-avgustidan yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.
Prezident 19-iyun kuni hududlarning master-rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Yil boshidan 14ta tuman va shaharlar bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqilgan bo‘lsa, endilikda drayver hududlar bo‘yicha yana 136ta reja tayyorlash belgilangan.
Turistik salohiyati yuqori 20ta tumanda mehmonxonalarni ko‘paytirish, plyaj, ekologik, tibbiyot, sport va ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini 2,5 karra oshirish imkoniyati borligi qayd etilgandi
Hududidan magistral yo‘llar o‘tgan 68ta tumanda 400dan ziyod motel, kemping, oshxona, do‘kon va avtoservislar tashkil etish mumkin. Master-rejalar asosida bo‘ladigan loyihalar hisobiga 40mingta ish o‘rni yaratilishi, budjetga yiliga qo‘shimcha 350 milliard so‘m daromad tushishi kutilmoqda.
Avvalroq iyun oyida hukumat “Yangi Toshkent” birinchi tumani qurilishining bosh rejasini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.