2024−2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga ruxsatnoma berish boshlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi"ni my.uzbmb.uz sayti orqali olishlari mumkin.
Buning uchun saytga kirgach, asosiy sahifadan mazkur bo‘limga kirib, shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olish kerak.
Abituriyentlar test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.
Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi.
Avvalroq 88 mingdan ortiq abituriyentga testda ishtirok etishga ruxsat berilmagani ma’lum qilingandi. Qabul qilingan nomzodlarning 46%ini joriy yilgi bitiruvchilar tashkil etmoqda. Shuningdek, abituriyentlarning 52,4%i xotin-qizlardir.