“Yandex Go” Toshkentda elektrosomokatlarni ijaraga berish xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Sayohat narxi bir daqiqasi uchun 890 so‘mdan boshlanadi, qulaylik uchun 30 daqiqaga 20 990 so‘m, 50 daqiqaga 32 990 so‘m va 100 daqiqaga 61 990 so‘mlik paketlarni ham xarid qilish mumkin.

Samokatni bron qilib bo‘lganidan keyin foydalanuvchilar unga yetib borish uchun 10 daqiqa bepul vaqt olishadi.

Foydalanuvchilar sayohat oldidan samokatlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar olishadi. Odamlar ko‘p joylarda samokatlar avtomatik ravishda tezlikni pasaytiradi. Bunday hududlar shahar bilan hamkorlikda belgilanadi va ilova xaritasida ko‘rsatiladi.

Haydash taqiqlangan hududlarda samokatlar asta-sekin tezlikni pasaytirib to‘xtaydi.

“Elektroskuterlar qisqa sayohatlar uchun juda qulay, ular tirbandliklarda qolmaslikka va vaqtni tejashga yordam beradi. Xavfsiz haydash uchun ehtiyot choralariga rioya qilish muhim. Shuning uchun biz yo‘llar va trotuarlarda to‘g‘ri harakat qilishga, shuningdek, boshqa yo‘lovchilarga ham hurmat ko‘rsatishga katta e’tibor qaratamiz”, — deydi MDH mamlakatlarida “Yandex Go” samokatlar xizmati rahbari Temirlan Toguzbayev.

Bir akkauntdan bir vaqtning o‘zida uchtagacha samokatni band qilish mumkin, bu do‘stlar yoki qarindoshlar uchun samokatlar band qilishda qulay.

Bir paytda bir nechta samokat olishni ikki yo‘l bilan amalga oshirish mumkin: ilovadagi “Yana bitta” tugmasi orqali yoki samokat korpusidagi QR-kodni skanerlash orqali. Toshkent shahrida kundan-kunga samokatlar qatnovi ko‘payib bormoqda.

Elektrosamokatdan foydalanish xavfsiz va qulay bo‘lishi uchun undan foydalanishda bitta odamdan ortiq bo‘lmasligi kerak. Samokatlarni 18 yoshdan boshlab ijaraga olish va ulardan foydalanish mumkin.

“Yandex Go” samokatida sayohat qilayotgan foydalanuvchilarning hayoti va sog‘ligi sug‘urtalangan. Sayohat uchun to‘lov avtomatik ravishda ilovaga bog‘langan karta orqali amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” “Yandex Uzbekistan” Toshkentda o‘z ofisini ochishi haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniya o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.