Strategik islohotlar agentligi yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini oshirishni taklif qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ma’muriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yo‘qligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib bo‘lgan jarima solinishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu yo‘nalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari ko‘payib ketgan.
Shu munosabat bilan agentlik tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- joriy ma’muriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish;
- fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini ko‘rib chiqish;
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini o‘tkazish;
- Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” institutini kiritish.
Shuningdek, keyingi yillarda yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzish oqibatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, shu jumladan, inson o‘limiga olib kelayotgan YTHlar soni ko‘payib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda 9839ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, shulardan 9209tasida fuqarolar jabr ko‘rgan bo‘lib, 2282 tasi odam o‘limiga sabab bo‘lgan.
Fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida inson hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va og‘irlashtirish zarurligi qayd etildi.
Hozirda piyodalar yo‘laklarida transport vositalarida harakatlanish uchun jarima 170 ming so‘mni tashkil qiladi. Piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tganligi uchun 113 ming so‘m jarima solinadi.
Ma’lumot uchun: Germaniyada piyodani o‘tkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln so‘m, Buyuk Britaniyada — 1,6 mln so‘m, Fransiyada — 1,85 mln so‘m, BAAda — 1,7 mln so‘mni tashkil etadi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Italiya) ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingan. “Ogohlantirish” jismoniy va yuridik shaxslarning sog‘lig‘i, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (23-modda) muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun 7 turdagi ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin. Biroq ma’muriy jazo turi sifatida “ogohlantirish” qo‘llanilmaydi.
Avvalroq “Spot” Yagona portal orqali yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ustidan shikoyat qilish imkoniyati yaratilishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mazkur funksiya 1-sentabrdan ish boshlaydi. Yuborilgan shikoyat esa 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.