10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va keyingi vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Korxona BYD yengil avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Xitoydan tashqaridagi ilk zavod sifatida joriy yilning 27-iyun kuni davlat rahbari ishtirokida ishga tushirilgandi.
“O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.
To‘liq ishlab chiqarish jarayonini ishga tushirish doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazildi.
Aholining yengil avtomobillarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan yangi standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirilgan.
Yig‘ilishda yangi texnologiya va standartlarni ishlab chiqarishdan tashqari, savdo, servis va kafolat yo‘nalishlarida ham tatbiq etish masalasi dolzarb ekanligi qayd etildi. Bu sifatsiz mahsulot chiqarilishining oldini olib, avtotransportga yuqori sifatli servis va kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
“BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan. Bunda Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birgalik ish olib boriladi.
Taqdimotda ishlab chiqarish hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini tezlashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.
Ular qatorida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha topshiriqlar ham bor.
Yil boshida Shavkat Mirziyoyev va “BYD” prezidenti Van Chuanfu hamkorlikda Jizzaxda elektr va gibrid avtomobillarni yig‘ish loyihasini ishga tushirdi.
Hozirda Jizzaxdagi zavodda “Chazor” va “Song Plus Champion” modellari ishlab chiqarilmoqda. Loyiha qiymati $160 mlnga baholanib, shundan joriy yilda $120 mln sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “BYD” narxi xorijdan olib kelib sotilayot avtomobillardan arzon bo‘lishini ma’lum qilgandi.