13-iyul kuni Toshkentda qurilish sohasi vakillari uchun davra suhbati bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Savdo-sanoat palatasi.
Tadbir avgust oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda.
Uchrashuvda sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni shakllantirish maqsadida davra suhbati o‘tkaziladi.
Qurilish, qurilish materiallari, ishlab chiqarish, loyiha, arxitektura, dizayn va muhandislik sohalaridagi tadbirkorlar mutasaddilarga muammo va takliflarini bildirishlari mumkin bo‘ladi.
Davra suhbati 13-iyul kuni “International Hotel Tashkent” majmuasida bo‘lib o‘tadi, boshlanish vaqti — soat 10:00. Ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining (+998) 78 150−60−06 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik doirasida korxonalar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy guruhlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada chuqurroq tahlil qilish uchun ekspert guruhlari tuzilmoqda.
Avvalroq “Spot” tadbirkorlar murojaatlarini qabul qiluvchi shtab faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.
Biznes egalari o‘zlari duch kelayotgan muammolar va takliflarni 24/7 rejimida 1094 va 1100 qisqa raqami orqali yo‘llashi mumkin.