Toshkent shahrida bankdan pul o‘g‘rilamoqchi bo‘lgan kiberjinoyatchilar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
DXXning Toshkent shahar bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan shahar IIBB bilan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Natijada, fuqarolar plastik kartalaridagi pullarini xakerlik hujumi orqali noqonuniy o‘zlashtirishga uringan shaxslar aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahridagi banklardan birining sobiq xodimi hozirgi kunda mazkur bankda mutaxassis lavozimida ishlovchi tanishidan bankning dasturiy ta’minoti va hisob raqamlariga kirish imkoniyatini beruvchi kodlarni $6500 evaziga sotib oladi.
So‘ng, u Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi, (1973-yilda tug‘ilgan) muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan shaxs hamda Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi (1989-yilda tug‘ilgan) fuqaro bilan o‘zaro til biriktirgan.
Ular dastlab bank hisob raqamlarida hamda bank ilovasiga ulangan fuqarolarning plastik kartalarida saqlanayotgan jami 370 mlrd so‘m mablag‘ni xaker jalb qilgan holda o‘g‘irlashni, keyin esa offshor hududlar orqali chet eldagi tanishlariga tegishli hisob raqamlarga o‘tkazishni reja qilishadi.
Qonunbuzarlar 189 mlrd so‘mni chet el valyutasiga konvertatsiya qilishga va offshor hududlar orqali xorijdagi hisob raqamiga o‘tkazishga uringan vaqtlarida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ular o‘zlarining rejalari amalga oshgan taqdirda, go‘yoki bankning dasturiy ta’minotiga chet eldan xakerlik hujumi bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatishni rejalashtirishgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq fuqaro kartasidan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘g‘irlagan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.