Ibrohimjon Maxamadaliyev 1999-yil 23-avgustda Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan. Dastlab tumandagi 2-maktabda, so‘ng Toshkent temir yo‘llari instituti qoshidagi akademik litseyda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qigan.

Litseyni tugatib, Toshkentdagi Inha universitetining dasturiy injiniring yo‘nalishida tahsil oladi. Hozirda Germaniyaning Düsseldorf shahridagi “Heinrich Heine University Düsseldorf“da o‘qimoqda. Shuningdek, “Cybervize” IT-loyihasida ish olib bormoqda.


Dasturlashni o‘rganishga qiynalganman

Litseyda o‘qib yurgan paytimda ijarada ikki nafar Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga topshirishga tayyorlanayotgan abituriyent bilan yashadim. Ular bilan birga men ham matematika va fizika fanlaridan tayyorlandim. O‘sha vaqtlarda ilk marotaba dasturlash bo‘yicha dastlabki tushunchalar, soha beradigan qulaylik va imkoniyatlar haqida tasavvur uyg‘ondi. Sekin-asta qiziqishim ortib, faoliyatimni shu yo‘nalishda davom ettirishga qaror qildim.

Dasturchilik ba’zi odamlarga osondek tuyilishi mumkin, ayrimlar hatto “shunchaki kompyuter oldida o‘tirib kunlarini o‘tkazishadi”, deb o‘ylaydi. Aslida esa bu ancha murakkab jarayon bo‘lib, o‘rganuvchidan kuchli sabr-toqat, qat’iyat va mehrni talab qiladi.

Masalan, menda asosiy tushuncha va mavzularni yaxshi tushunish qiyinchilik tug‘dirgan. Sababi, nazariy tomondan bilib, uni amaliyotda qo‘llash paytida yangi o‘quvchi “to‘g‘ri qilyapmanmi yoki yo‘q”, deb juda ko‘p ikkilanadi. Ba’zida yozgan kodlarimda ko‘p xatoliklar chiqishi ruhiyatimga ta’sir qilgan, lekin bu normal holat bo‘lishini keyinchalik tushunganman.

Dasturlashda biror narsani o‘qib o‘rgangandan ko‘ra, bu bo‘yicha xatoliklarni tuzatish orqali sohani yaxshi va chuqur anglash mumkin. Ko‘p qiyinchiliklarga duch kelish va yengib o‘tish, yanada tajriba orttirishga va o‘sishga yordam beradi.

O‘rganish davrida o‘zimda kuzatilgan yana bir narsa bu — imposter sindromi(bu psixologik hodisa bo‘lib, unda odam o‘z qobiliyatlari, iste’dodi yoki yutuqlariga shubha qiladi — “Spot” izohi) bo‘ldi. Buni boshdan kechirayotgan insonlar garchi u muvaffaqiyatli va malakali bo‘lsa ham, doim o‘z darajasiga va yutuqlariga shubha bilan qaraydi. Ushbu sindrom, meningcha, o‘zini boshqalar bilan solishtirish natijasida yuzaga keladi.

Faoliyatimni “Ideal Green Light” IT-firmasida backend dasturchisi sifatida boshlaganman. Bu joyga kelgan paytimda universitetda 3-kursni endi tugatgandim. Bu kompaniyaning mijozlari asosan Rossiyadan bo‘lgani sababli asosan rus tilidagi katta loyihalar ustida ishlar edik. O‘sha payti birinchi maoshim $500 bo‘lgan. Ishda duch kelgan qiyinchiligim birinchi marta katta loyihada ishlayotganim hamda uning murakkabligida edi.

cybervize, germaniya, ibrohimjon maxamadaliyev, xorijdagi o'zimiznikilar

Talabalik davri. Foto: Inha rektori Muzaffar Djalalov bilan

Viza olish jarayoni

Germaniya Yevropaning texnologiya va innovatsiyalar markazlaridan biridir. Bu yerda bir qancha yirik kompaniyalar va startaplar joylashgan bo‘lib, ular dasturchilarga ko‘pgina imkoniyatlar yaratmoqda. Bundan tashqari, dunyo miqyosida yuqori sifatli ta’lim tizimiga ega.

Dasturchi sifatida bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishni xohlasangiz, bu yerda ko‘plab universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud. Eng muhimi, Germaniyada ish va shaxsiy hayot muvozanatini saqlashga katta e’tibor qaratiladi. Bu dasturchilar uchun yanada samarali ishlash va shaxsiy hayotdan zavqlanish imkonini beradi.

2019-yilning yozida Germaniyaning Gamburg shahriga 1-kursni tamomlab “Work and Travel” dasturi orqali 3 oy muddatga kelganman. Shu davr menda bu shahar haqida juda iliq taassurotlar qoldirgan. Odamlari, madaniyati va ayniqsa tabiati juda yoqqan. Shu sababdan, bakalavrni tugatib, Germaniyada magistratura o‘qishga qaror qildim.

Bu yerga talaba vizasi bilan keldim. Bu vizani olishda o‘qishga topshirayotgan davlatdagi universitetdan qabul xati va moliyaviy mablag‘lar mavjudligini isbotlovchi hujjat, viza arizasi, rasm, pasport, sog‘liq sug‘urtasi, motivatsion xat va til sertifikati so‘raladi. Universitetlarda qishki va yozgi semestrlar mavjud bo‘lib, xalqaro talabalar qishki semestr uchun aprel-iyul oylarida hujjat topshirishadi.

Qabul xati olganlar moliyaviy mablag‘lar mavjudligini isbotlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Bu asosan 3 xil bo‘ladi: yopiq bank hisobi (blocked account), stipendiya xati (DAAD scholarship) va kafillik xati (Verpflichtungserklärung). Ko‘pchilik yopiq bank hisobiga pul qo‘yish orqali o‘qishga kelishadi.

Hozirgi vaqtda talabalardan bank hisobida 11208 yevro bo‘lishi talab qilinadi. Bu pul talaba Germaniyaga kelib, o‘qishni boshlagandan so‘ng uning hisob raqamiga oyma-oy 934 yevrodan bir yil davomida qaytarib tashlab beriladi. Bundan talaba moliyaviy qiynalib qolmasligi va asosiy e’tiborini o‘qishga qaratishi maqsadi ko‘zlangan.

DAAD orqali kelish. Yana bir yo‘li bu DAAD granti, ya’ni Germaniyaning akademik almashinuv dasturi orqali kelishdir. Bu dastur ikki yo‘nalishga ega: barcha fanlar uchun magistratura (Master Studies for All Academic Disciplines) va Yevropa tiklanish dasturi (ERP).

Qabul jarayoni hujjat topshirish va suhbatdan iborat. Birinchi bosqichda hujjatlar dastur portali orqali topshiriladi. Ular orasidan taxminan 25−30 nafar nomzod tanlab olinib, keyin suhbatga taklif qilinadi. Har yili taxminan 10 nafar talabaga bu grantni qo‘lga kiritadi.

Men ham 2021−2022 yillari bu dasturga topshirib, birinchi yili hujjat topshirish bosqichidan yiqilganman. Ikkinchi yili suhbatgacha yetib bordim. Afsuski, suhbatdan so‘ng rad javobi oldim, lekin bu menga juda katta tajriba bo‘ldi. Keyin esa o‘qishga kafillik xati orqali kelishga qaror qildim.

2019, 2024-yil, Gamburg

2019-yilda borgan ishxonam rahbari Hans Piter Goldnik bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgandim. Ketma-ket ikki marta grant yuta olmaganimdan so‘ng, 2023-yil may oyida Piter bilan bog‘lanib meni o‘qishimga kafillik qilishini so‘radim.

U rozi bo‘lganidan keyin hujjatlarni yig‘ishni boshladim va iyun oyida tasdiqlatishga topshirdik. Bu jarayonga taxminan 3−4 oy vaqt ketdi. Sentabr oyi boshida hujjatlarni olib, elchixonaga topshirdim. Viza roppa-rosa bir oyda chiqdi va men Germaniyaga qarab yo‘l oldim.

Magistraturada o‘qish

Heinrich Heine University Düsseldorf universitetida bugungi kunda 34 mingdan ortiq talaba o‘qimoqda. Bu yerdagi ta’lim jarayoni o‘zimiznikidan ancha farq qiladi. Masalan, Germaniyada qishki yoki yozgi semestrda taklif qilinayotgan kurslardan xohlaganingizni tanlab o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, darsga kelib qatnashish majburiy emas va deyarli barcha fanlarning ma’ruzalari onlayn shaklda olib boriladi. Agarda talaba darsga kirishga ulgurmasa yoki takrorlash olib bormoqchi bo‘lsa, yozib olingan darslarga havolalar beriladi.

Yana bir farqi shundaki, bu yerda o‘qish O‘zbekistonga nisbatan qiyin. Bunga sabab kurslarining murakkab tuzilishida, deb o‘ylayman. Oldin Germaniyada o‘qigan yoki o‘qiyotgan tanishlarimdan magistraturani 4ta semestrda tugatishning deyarli ilojlisi yo‘qligini, talabalarning juda katta qismi 5ta semestrda yakunlashini ko‘p eshitardim. Hozir universitetda 2-semestrimni o‘qiyapman va nimaga qiyin ekanligini ancha tushunib yetdim.

Qiyinlik darajasini Inha kurslarning tuzilishi bilan solishtirsak, bakalavr davomidagi o‘qigan darslarim deyarli bir xil shaklda edi. Asosan o‘rta imtihon (midterm exam) 30%, oxirgi imtihon (final exam 40%), topshiriqlar (20%) va darsga qatnashish (davomat 10%)dan iborat.

Bu yerda barcha kurslarning tuzilishi faqat 1ta oxirgi imtihondan (final exam 100%) iborat, topshiriqlar ham beriladi, faqat ularni topshirish oxirgi imtihonga kirish yoki kirmaslikni aniqlab beradi xolos. Shuning hisobiga ham hamma narsa faqat bitta imtihonga bog‘liq va bu o‘z navbatida kuchli stressni yuzaga keltiradi.

cybervize, germaniya, ibrohimjon maxamadaliyev, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: shaxsiy arxiv

Cybervize haqida

Cybervize” bu — 2023-yil yoz faslida tashkil topgan kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan yangi nemis IT-startapi. Dastlab ishga olingan paytimda kompaniyadagi jamoa ham loyihani boshlaganiga 15−20 kun bo‘lgandi. Bu menga hammasini noldan yaratilishida qatnashish imkonini berdi.

Ish uchun intervyu jarayoni odatiy uch bosqichdan iborat bo‘ldi, bular:

  • tanishuv — “Get-to-know”;
  • texnik topshiriq — “Technical Task”;
  • texnik intervyu — “Technical interview”.

Intervyu jarayoni. Birinchi tanishuv intervyusi kompaniyaning texnik direktori bilan o‘tkazildi. Suhbatda asosan o‘zim haqimda, qilgan ishlarim, qatnashgan loyihalarim va nima uchun bu kompaniyani tanlaganim, maqsadlarim haqida bo‘ldi. Bu bosqichdan ko‘zlangan asosiy maqsad nomzodning “soft skill"larini tekshirish, ya’ni u qanday suhbatlashishi, o‘zini tutishi va fikr-mulohazalarini yetkazib berishini aniqlashdan iborat edi. Menimcha, hozirgi paytda bu ko‘nikmalar, ayniqsa, siz ishlamoqchi bo‘lgan kompaniya xalqaro va jamoadagi hamkasblar har xil davlatlardan bo‘lsalar juda ham muhim.

Ikkinchi bosqichda texnik topshiriq berilib, tugatishga ikki kun vaqt ajratildi. Yuqoridagi ikki bosqich onlayn tarzda o‘tkazilgan bo‘lsa, uchinchi bosqich texnik intervyu uchun kompaniya ofisiga taklif qilishdi. Bir soat davom etgan bu intervyuni kompaniyaning ikki xodimi olgan va ular loyihada ishlatishadigan dasturlash tillari hamda texnologiyalar bo‘yicha bilimimni tekshiradigan savollar berishgan. Bularga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni uzoq vaqt davom etmadi. Oldingi ishlagan joylarimda orttirilgan tajribalar ancha qo‘l keldi.

Qulayliklar. Kompaniyaning xodimlar uchun eng qulay taraflaridan biri ishlashni gibrid va onlayn shaklda olib borish mumkin. Aksariyat xodimlar asosan gibrid shaklda, ya’ni haftada faqat 2−3 kun ofisga kelib, qolgan vaqtda uydan ishlashadi.

“Cybervize” hali yangi IT-kompaniya bo‘lishiga qaramasdan ishchilarni yaxshi kompensatsiya qiladi. Junior dasturchilar uchun tajribasiga qarab yiliga 50 mingdan 60 ming yevrogacha. Va undan yuqori darajadagi dasturchilar uchun yillik tajribasiga qarab 60−70 ming yevrodan boshlanadi. Bonuslarga keladigan bo‘lsak, hali kompaniya yangi va yosh bo‘lgani uchun pulli bonuslar hozircha mavjud emas. Lekin yangi ishga kirgan ishchilarni so‘nggi modeldagi Macbook va qolgan kerakli jihozlar bilan ta’minlashadi.

Odatda startap kompaniyalarda ish yuklamasi ko‘proq bo‘ladi, ya’ni haftasiga belgilangan soatdan ko‘ra ortiqcha ishlash holatlari ham uchrab turadi. “Cybervize"da ham bu holatga duch keldim. Albatta bu yaxshi, chunki sizni ko‘proq izlanib yangi narsalarni o‘rganishga va o‘sishga undaydi.

Hozirda yaratayotgan loyihamizni qiziqligi uchunmi ko‘proq ishlash menga qiyinchilik tug‘dirmayapti. Bundan tashqari kompaniyadagi muhit ya’ni “work culture” juda ham yaxshi va jamoamizdagi hamkasblar ham ancha do‘stona, bir-birlarini tushunib qo‘llab-quvvatlashadi. Bu ham ishdagi qiyinchiliklarni osongina yengib o‘tishga yordam beradi.

Tavsiyalar. “Cybervize"da ishlamoqchi bo‘lganlarga quyidagilarni tavsiya qilaman:

  • moslashuvchan bo‘lish — yangi texnologiyalar va vazifalarga tez moslasha olishga tayyor turish kerak;
  • o‘rganishga ochiq bo‘lish — doimiy o‘rganish va yangi bilimlarni qabul qilishga hozir bo‘lish kerak, chunki loyiha katta va doimiy ravishda yangi narsalar qo‘shiladi.

cybervize, germaniya, ibrohimjon maxamadaliyev, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Yangi yil bayrami sovg‘asi

Xotiralar. Bu yerda esimda qolgan voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri yangi yil bayramida har bir xodimga sovg‘a berishardi va shu sovg‘ani yonida yangi yil tabrigi xati ham qo‘shib berishgan. Eng qiziq tomoni shundaki, har birimizga berilgan xat o‘z ona tilimizda bo‘lib, menga ham o‘zbek tilida yozib berishgan edi. Bu albatta har bir xodimga alohida e’tibor borligi va uni millati, tilini hurmat qilishlarini ko‘rsatishgan.

“Cybervize"da o‘z loyimiz ustida oxirgi 8 oydan beri ishlab kelmoqdamiz. Bu loyiha kiberxavflarni avtonom boshqarish va kiberxavfsizlik yechimlariga ixtisoslashgan. U xavflarni har tomonlama baholashni ta’minlaydi va har bir mijozning o‘ziga xos ehtiyojlariga moslashtirilgan axborot xavfsizligini boshqarish tizimlarini joriy qiladi. Vazifasi esa nafaqat xavfsizlikni ta’minlash, balki resurslarni optimallashtirish uchun mo‘ljallangan ilg‘or, avtomatlashtirilgan kiberxavfsizlik boshqaruvi yechimi orqali korxonalarni himoya qilishdir.

Bu yerdagi jamoamiz 14 kishidan tashkil topgan va ular 10ta davlatdan: Germaniya, Iordaniya, Hindiston, Pokiston, Vetnam, Falastin, Turkiya, Fransiya, Misr va O‘zbekiston.

cybervize, germaniya, ibrohimjon maxamadaliyev, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Cybervize’dagi jamoa

Germaniyadagi hayot

Dyusseldorf shahridagi hayot va unga moslashish jarayoni men uchun qiziqarli hamda o‘ziga xos tajribaga ega bo‘ldi. Germaniyada nemis tili kundalik hayotda keng qo‘llaniladi. Boshida bu tilni yaxshi bilmasligim qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Yangi madaniyatga moslashish vaqt va kuch talab qildi. So‘ng, asta-sekin bu davlatning turli madaniy an’analari va urf-odatlarini o‘rgandim.

Shahar ko‘plab muzeylar, teatrlar, galereyalar va madaniy tadbirlari bilan mashhur. Shu bilan birga, bu joy moda va dizayn markazi sifatida tanilgan. Har yili o‘tkaziladigan moda haftaliklari va boshqa dizayn tadbirlari shaharning global miqyosdagi ahamiyatini oshiradi.

Shaharning yana bir farqli tarafi, bu yerda Germaniyadagi eng katta yapon hamjamiyatining borligidir. 1960-yillardan boshlab, Dyusseldorf ko‘plab yapon kompaniyalarining Yevropa boshqaruv markaziga aylangan. “Mitsubishi”, “Fujitsu”, “Toshiba” va boshqa yirik yapon korporatsiyalari o‘z ofislarini ochgan. Shaharda yapon madaniyatining ko‘plab elementlari ham mavjud. Bular yapon restoranlari, madaniy markazlari, bog‘lari va tez-tez o‘tkazilib turiladigan yapon festivallari kabilardir.

Menga yoqqan taraflaridan biri shuki, Dyusseldorf shahrida madaniyat va san’atga katta e’tibor qaratishadi. Bu joy ko‘p millatli shahar bo‘lib, bu yerda turli xalqlar va madaniyatlar aralash yashashadi. Albatta, bu xalqaro muhitni ko‘rishga, yangi do‘stlar topish va turli madaniyatlarni o‘rganishga ajoyib imkoniyatdir. Yoqmagan taraflaridan biri ob-havo o‘zgarib turishi, ya’ni tez-tez yomg‘ir yog‘adi va deyarli quyoshni ko‘rishning imkoni yo‘q.

Xarajatlar. Shahar markazidagi 1 xonali uylar narxi 400−600 yevro atrofida. Oziq-ovqat uchun oyiga o‘rtacha 200 yevro sarflayman. Transport uchun pul sarflamayman, chunki universitetimiz tomonidan ID kartamizga transport chiptasi ulab qo‘yigan. Bu esa bir semestr davomida butun davlat bo‘ylab jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beradi. Ushbu chipta har semestrda yangilanib turadi.

cybervize, germaniya, ibrohimjon maxamadaliyev, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: talabalik kartasi

Kiyim-kechak masalasi har kimning o‘ziga va qayerdan sotib olishiga bog‘liq, lekin o‘rtacha narxi O‘zbekistondagidan deyarli katta farq qilmaydi. Shuningdek, sog‘liq sug‘urtasiga har oyda 125 yevrodan ajratish kerak. Germaniyada sog‘liq sug‘urtasi juda muhim va har bitta ishlaydigan yoki ishlamaydigan fuqaroda bu bo‘lishi shart. Umumiy hisobda, oyiga o‘rtacha 700−900 yevro atrofida sarflayman.

Oylik maoshlar. Germaniyada texnologiya, moliya, tibbiyot va muhandislik sohalarida oylik maoshlar yuqori bo‘lsa, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida esa pastroq. Quyida ularning taxminiy miqdorlari:

  • dasturchilar: 5000−6500 yevro;
  • shifokorlar: 6000−8500 yevro;
  • muhandislar: 4500−6500 yevro;
  • xizmat ko‘rsatish sohasi (restoran, mehmonxona, do‘kon): 2000−2800 yevro;
  • qishloq xo‘jaligi: 1800−2200 yevro.

Bu yerda meni darajamdagi dasturchilar oyiga qancha ishlab topishlari ularning kompaniyalariga bog‘liq. Hamma har xil kompensatsiya qilishadi, ammo o‘rtachasini aytadigan bo‘lsak, 4500−5000 yevro atrofida va bu soliqdan oldingi gross holatida hisoblaganda.

Kelajakdagi rejalar. Kelajakda o‘z ustimda ishlab, karyeramda yaxshi natijalar ko‘rsatish, “Cybervize"dagi loyihalarda faol ishtirok etib, kompaniya rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qildim. Shuningdek, imkon boricha ko‘proq Yevropa davlatlariga sayohat qilishni ham rejalashtirmoqdaman.

Blits savol: agar dasturchi bo‘lmaganingizda qaysi kasb egasi bo‘lar edingiz?

— Yoshligimda bank sohasiga qiziqqanman, katta ehtimol bilan bank sohasida ishlagan bo‘lar edim.