Senatning 54-yalpi majlisida “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10%ni tashkil etmoqda. Ko‘rsatkichni 2030-yilgacha kamida 40%ga olib chiqish belgilangan.
Bu ko‘rsatkichlarga erishish, energetik barqarorlikni ta’minlash uchun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash talab etilishi, energiya resurslari iste’moli samaradorligini, energiya sarfi me’yorlari hamda energiya audit o‘tkazishni monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emasligi ta’kidalanadi xabarda.
Davlat muassasalari va tashkilotlarida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha energiya servis xizmatlari yo‘qligi, tejash va samaradorlikni oshirish yo‘nalishida AKTni keng joriy etish ishlari sust borayotgani ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Qonun sohada sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim.
Unda energetika xavfsizligini ta’minlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda.
Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni me’yoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan.
Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirishga xizmat qilib, energiya iste’moli samaradorligi tizimli monitoringini amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Avvalroq mamlakatda “Energetika to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida xabar berilgandi. Energiya ishlab chiqarish va sotishda monopoliya bo‘lmasligini qayd etgandi Alisher Qodirov.
Prezident energiya ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Joriy yilda 43 ming holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan o‘g‘irliklar aniqlangan.