“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi jami 210,4 gektar yer uchastkalari hisobiga mazkur “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytiriladi.
Qayd etilishicha, bu Farg‘ona viloyatida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilishga qaratilgan.
Shuningdek, “Qo‘qon” EIZning kengaytirilayotgan hududining bosh rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Bunda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi" unitar korxonasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilanadi. Bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti tender savdolari natijasiga ko‘ra aniqlanadi.
2026-yilning oxirigacha EIZning kengaytirilayotgan hududida kamida $1 mlrd miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 11,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga bu yerda yiliga $965 mln miqdorida qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, shundan $313,6 mlnini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha quvvatlar ishga tushiriladi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi prezidentning 2017-yilgi farmoni bilan tashkil etilgan. Joriy yilning aprel oyida “Qo‘qon” EIZ bilan Belarusning “Gomel-Raton” EIZ o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangandi.
Avvalroq Buxorodagi Qorako‘l EIZda quvur ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.