Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Ipotekabank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida joylashtirilayotgan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlarini olib bordi.
Natijada, “Ipotekabank"ning o‘z “Instagram” sahifasida bank tomonidan joriy qilingan “Super” nomli omonat turi bo‘yicha uning muhim shartlari ochib berilmagani ma’lum bo‘ldi. Mazkur axborotga bankning rasmiy sahifasidagi ma’lumotlar orqali aniqlik kiritildi.
Xususan, “Super” omonat turining shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablag‘lari bo‘yicha dastlabki 3 oy uchun 26%dan va keyingi uch oy uchun 14%dan, onlayn qabul qilingan depozit pul mablag‘lari bo‘yicha esa mos ravishda 26,09% va 14%dan hisoblanishi belgilangan.
Bunda, mazkur omonat turi bo‘yicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26%dan pul mablag‘lari berilsa-da, ijtimoiy tarmoqdagi reklamada omonatning muhim shartlari ochib berilmagani aniqlandi.
Qo‘mita reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi undan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkinligini qayd etdi.
Shulardan kelib chiqib, “Reklama to‘g‘risida"gi Qonunning 16-moddasi, 43-moddasi va “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Ipotekabank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Avvalroq “Agrobank"ning Toshkent viloyati boshqarmasiga nisbatan raqobat qonunini buzganlik holati bo‘yicha chora qo‘llanilgandi.
Bundan oldin qo‘mita tomonidan “Maxam-Chirchiq” hamda “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi.