10-iyul kuni davlat xaridlari tizimini yaxshilash va unda kichik tadbirkorlar ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-sentabrdan elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlarning takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.
Joriy yilning sentabridan 2025-yilning oxirigacha kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar xarajatlari qoplab beriladi.
Bunda import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50%gacha qismiga BHMning 30 baravaridan (10,2 mln so‘m) oshmagan miqdorda kompensatsiya qilinadi.
1-oktabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Qarorga muvofiq, 1-sentabrdan davlat xaridlari yillik va choraklik reja-jadvallar hamda import qilish rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatlarini tasdiqlash bo‘yicha qarorlar muhim fakt sifatida oshkor qilib boriladi.
Bu ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, ular tarkibidagi xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlariga taalluqlidir.
Kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan o‘z takliflarini berish imkoniyati yaratiladi. Bunda ular davlat xaridlari maxsus axborot portalida korporativ buyurtmachilarning ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘ladigan tovarlarni mahalliylashtirishlari kerak.
2024-yilning 1-oktabrigacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat buyurtmachilari amalga oshirgan davlat xaridlari natijalariga ko‘ra tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, ularning turlari kesimida shakllangan narxlarni jamoatchilik uchun ochiq ifodalovchi alohida sahifa joriy etiladi.
O‘z navbatida, davlat buyurtmachilariga mazkur sahifa asosida boshlang‘ich narxni shakllantirish imkoniyati yaratiladi. Dekabrgacha davlat xaridlari tizimining mobil ilovalari ishlab chiqiladi.
Har yil yakuni bo‘yicha keyingi yilning 1-apreligacha davlat xaridlari sohasida “Eng faol tadbirkor” hamda “Eng yaxshi buyurtmachi” tanlovlari o‘tkaziladi.
2022-yilning may oyida hukumat tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi tasdiqlangandi. Nizomda davlat xaridlarini elektron shaklda o‘tkazishning umumiy qoidalari va shartlari haqida so‘z boradi.