O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sotuvlar o‘sgani kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida faollik 6,4%ga pasaygani qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
May oyidagi jonlanish va o‘sishga qaramay, ijara bozori ham 1,2%ga qisqardi. Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati biroz sekinlashdi.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7%ga pasaydi.
Hududiy kesimda Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida faollikning oshgani qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilning iyunida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni pasayib, jami 20,2 mingtani tashkil qildi.
Tahlil ko‘chmas mulk bozorining beqarorligi va qisqa muddatli tebranishlariga ishora qilmoqda. Xususan, bir oy davomida faollik 6,4 foizga pasayib, ikki oylik ijobiy dinamikaning o‘rnini egalladi.
May oyida sotuvlar 9%ga, aprel oyida esa 11%ga oshgan edi. Yil davomida sotuvlar esa deyarli 14%ga pasaydi.
Oy davomida hududiy kesimda ko‘chmas mulk bilan operatsiyalarning eng ko‘p pasayishi Sirdaryo, Buxoro va Andijon viloyatlarida kuzatildi — navbati bilan 21%, 20% va 16%.
Respublikaning aksariyat hududlarida sotuvlar umumiy pasayishiga qaramasdan, Toshkent shahrida ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Hisobot davrida poytaxtda faollik deyarli 5 foizga o‘sgan.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7%ga pasaydi.
Bu pasayish ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5%ga qisqardi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8%ni, Jizzax viloyatida 10,6%ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, bir qator hududlarda ijobiy dinamika qayd etilmoqda. Xususan, 6 oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon viloyatida — 12,7%, Xorazm viloyatida — 8,3% va Qashqadaryo viloyatida — 6% qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Poytaxt ijara bozori may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijaraning o‘rtacha bahosi 1,2%ga pasayib, bir kvadrat metr uchun $8,3ni tashkil etdi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara haqi hamon yuqori bo‘lib, har kvadrat metr uchun o‘rtacha $10,2ga teng bo‘lib turibdi.
Nisbatan arzon uy ijarasi Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda, bu joylarda ijaraning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun $6,4ni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, yil boshidan beri ijara narxining 9,8%ga kamaygani qayd etildi, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa ijara haqi 5,5%ga pasaygan.
O‘tgan yilning iyuniga nisbatan ijara haqining eng sezilarli — 12%dan ko‘proq pasayishi Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan. Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida yuqoridagiga nisbatan quyiroq — 8,3%lik pasayish kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Iyunda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi. Agar may oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘sishi kvadrat metr uchun 1,3%ni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida ikkilamchi bozor atigi 0,3%ga o‘sdi.
Biroq, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar deyarli 10%ga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1%ga), Buxoro (17,1%ga), Qashqadaryo (16,7%ga) va Toshkent viloyatlarida (16%ga) qayd etildi.
Toshkentda ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda 1,1%ga pasaydi. Shayxontohur (0,8%), Yakkasaroy (0,6%) va Olmazor tumanlarida (0,3%) me’yor doirasida o‘sish qayd etildi.