Ikkinchi va undan keyingi ta’lim bo‘yicha o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2024/2025-o‘quv yilida ikkinchi mutaxassislik uchun talabgorlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish my.edu.uz orqali joriy yilning 10-avgustigacha onlayn amalga oshiriladi.

Bunda nomzodlar platformada o‘zining pasport, JShShIR ma’lumotlarini kiritadi. Undan keyin diplom va ilovaning elektron nusxasini yuklanadi, OTM va ta’lim yo‘nalishi tanlanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bu bo‘yicha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda OTM kengashi tomonidan belgilanadi.

Avvalroq abituriyentlarga ruxsatnomalar berish boshlangandi. Uni my.uzbmb.uz saytidan shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqamini kiritib, olish mumkin.

2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi.