8-iyul kuni “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Xitoy hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Mazkur temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni nazarda tutuvchi ushbu bitim joriy yilning 6-iyun kuni Pekin shahrida imzolangandi.
Transport vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.
Iyun oyi boshida transport vaziri Ilhom Mahkamov yaqin kelajakda mazkur temir yo‘l qurilishi bo‘yicha konsessiya shartnomasini imzolash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Loyiha haqida
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayevning ma’lum qilishicha, liniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi mumkin. Biroq O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bu variant ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.
Mazkur temir yo‘l qurilishi 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda. Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin.
Temir yo‘l Qashg‘ar-Torugart-Makmal-Jalolobod-Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 mln tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi.
Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov temir yo‘l qurilishi yaqin oylarda boshlanishi mumkinligini bildirdi. Bungacha tarmoqni yotqizish bo‘yicha ishlar bir necha bor oktabr oyida boshlanishi aytilgandi.