Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya sohasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning 1-oktabridan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish tizimi joriy etilishi belgilangan. Taqdimotda mazkur tizim haqida ma’lumot berildi.
Xususan, “ijtimoiy karta” orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlari to‘liq avtomatlashtiriladi.
Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi. Uni birinchi bosqichda Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida, 2025-yildan esa mamlakatning boshqa hududlarida ham joriy etish belgilangan.
Loyiha natijasida 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Qog‘oz shaklidagi hujjatlar bekor qilinib, vaqt va mablag‘ tejaladi.
Soha to‘liq raqamlashtirilishi orqali har bir oilaning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etiladi, deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bu borada tegishli hujjatlarni ishlab chiqib, samarali joriy etish, ehtiyojmand insonlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bundan tashqari, mamlakatda har bir muhtoj fuqaro bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi yaratiladi. Mahalladagi barcha xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.