2024−2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari 14-iyuldan boshlanadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Test sinovlari kuniga 2 smenada tashkil etilib, 1-smena soat 08:00da, 2-smena 15:00da boshlanadi.

Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelishlari talab etiladi.

Test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda.

Test sinovlari boshlanishiga sanoqli kunlar qolganligi sabab, abituriyentlardan o‘zlariga tegishli ruxsatnomani yuklab olishlari hamda chop etib qo‘yishlari so‘ralmoqda.

Abituriyentlar ruxsatnomada belgilangan manzildagi binoda, ko‘rsatilgan sanada va smenada test sinovlarida ishtirok etadi. Ularga boshqa hudud, kun va smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.

Test sinoviga pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda borish lozim.

Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

11-iyul kuni soat 11:00dan 13:00gacha yoki 14:00dan 15:00gacha barcha abituriyentlar ruxsatnomalarida ko‘rsatilgan manzildagi o‘zlari test sinovida ishtirok etadigan binoga kelib, test sinovi o‘tkaziladigan joylar bilan tanishib ketishlari mumkin.

2024/2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 5-iyun kuni boshlanib, 25-iyun kuni yakunlandi. Bunda jami 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 88 591 nafarining arizasi qabul qilinmadi.