“O‘zbekiston temir yo‘llari” ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha poyezdlar qatnovini vaqtincha Toshkent Janubiy volzalidan amalga oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 15-iyulidan 15-avgustigacha “To‘qimachi” hamda “Toshkent yo‘lovchi” bekatlari oralig‘idagi temir yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab, Toshkent-Markaziy vokzalidan amalga oshiriluvchi aksariyat poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan harakatlanadi.
Bu Olma-ota-Toshkent-Olma-ota, Toshkent-Novosibirsk-Toshkent, Toshkent-Samara-Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda Toshkent-Xojikent-Toshkent shaharlararo poyezdlaridan tashqari, Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlarga taalluqlidir.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda Toshkent-Andijon-Toshkent, Toshkent-Volgograd-Toshkent, Dushanbe-Toshkent-Dushanbe yo‘lovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Bir oy davomida Toshkent-Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qo‘yiladi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent-Markaziy hamda Toshkent-Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.
Joriy yilning 1-iyulidan mahalliy yo‘nalishlardagi temir yo‘l chiptalari narxi o‘zgartirilgandi. Xususan, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarining chiptalar narxi 25%ga oshirildi.