Farg‘ona viloyatida chiqindi tashuvchi korxonalar tomonidan fuqarolarga 40 mlrd so‘mlik asossiz qarz hisoblangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.
Viloyatda sanitar tozalash korxonalari tomonidan 871ta MFYlar (3 mln 149 ming aholi)ga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu viloyatning 82% mahallasini (77,4% aholi) qamrab olgan.
Qo‘mita tomonidan 2023-yil hamda 2024-yilning 6 oyi davomida mazkur xizmatni ko‘rsatish uchun iste’molchi abonentlar — xonadonlarga hisoblangan qarzdorlik summalari va ularga turli sabablar natijasida chiqindi tashish xizmatlarining ko‘rsatilmaganlik vaqtlari uchun hisoblanib kelinayotgan qarzdorlik summalari tahlil qilindi.
O‘tgan yilda iste’molchilar xonadonlariga hisoblangan qarzdorlik summalari tarkibidagi ko‘rsatilmagan xizmatlar qismi uchun nomuayyan doiradagi 767 068ta xonadonlarda yashovchi 3 141 658 nafar iste’molchiga jami 30 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik hisoblangan.
Joriy yarim yillikda esa, 784 095ta xonadonlarda yashovchi 3 146 985 nafar iste’molchiga jami 10 mlrd so‘mga yaqin qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi.
Xizmat ko‘rsatuvchilar iste’molchilarga bu xizmat turini ko‘rsatish davomida “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasi talablarini buzganligi aniqlandi.
Xususan, mazkur modda bilan shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi, ya’ni sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tgan vaqt davomida jami hisoblangan 40 mlrd so‘mdan ortiq asossiz qarzdorliklar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.
Avvalroq Toshkent viloyatining Angren shahrida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi chiqindi yig‘ish shoxobchasi ishga tushirilgandi.