Joriy yilning 11-iyul kuni avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida o‘tkazilgan onlayn-auksionda jami 3,01 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, sotilgan avtoraqamlar soni 666tani tashkil etib, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 4,5 mln so‘m bo‘lgan. Shu bilan birga, eng arzon sotilgan avtoraqam qiymati — 1,7 mln so‘m.

O‘z navbatida, eng qimmat sotilgan avtoraqam qiymati 508 mln so‘mni tashkil etdi.

Bundan oldingi, 9-iyul kungi savdolarda eng “chiroyli” avtoraqam 414,1 mln so‘mga sotilgandi.

Joriy yilning birinchi choragida tovar birjasida avtomobil raqamlari savdosi uch barobardan ko‘proqqa oshib, 212,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam toshkentlik yuridik shaxsga 517,14 mln so‘mga sotilgan.

2023-yilda birjada 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan, bu esa 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori bo‘ldi.

Avvalroq auksionda “chiroyli” mobil raqam 1,07 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi.