Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
Endilikda elektron raqamli imzo (ERI) kalitini berishda jismoniy shaxslar biometrik (Face-ID) identifikatsiya qilinib, ERI kaliti avtomatik rasmiylashtirib beriladi.
Qurilishi tugallanmagan obyektga birlamchi kadastr pasportini shakllantirishda vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlariga uning nomidan murojaat qilish tartiblari belgilandi.
Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun rasmiylashtirilgan yo‘llanmalarni bog‘chaga axborot tizimi orqali yuborish tartibi joriy etildi.
Bunda, yo‘llanma rasmiylashtirilganda fuqarolarga tasdiq kodga ega xabarnoma yuboradi, uning asosida bola bog‘chaga qabul qilinadi.
Fuqarolarga yo‘llanma olish uchun berilgan so‘rovnomadagi telefon raqamini istalgan vaqtda o‘zgartirish imkoniyati yaratildi. Bolalarni bog‘chaga qabul qilish davlat tashkilotlarining aybi bilan kechikkanda yo‘llanma o‘z kuchida qoladi.
Avtomobillarni qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati bilan muvofiqlashtirildi. Avtomobillarni qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish muddati 10 kun etib belgilandi. Ilgari bu 15 kunni tashkil etardi.
Katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashish uchun ruxsatnoma berishda arizani ko‘rib chiqish muddati 8 ish kunidan 2 ish kuniga kamaytirildi.
Endi avtomobil boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron rasmiylashtirishda mulkdorning MIB bazasida qarzdorligini tekshirish axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Shuningdek, fuqarolarga Avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga litsenziya olish jarayonida o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatidan kompozit usulda foydalanish imkoniyati yaratildi.
Avvalroq haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.