Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida yirik sanoat va energetika obyektlari faoliyatiga va qurilishiga start berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Farg‘onaning Beshariq tumanida Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.
Qiymati $350 mlnlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning o‘zida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda to‘liq ishga tushiriladi.
Unda yiliga 1 mlrd 600 mln kilovatt soat yoki 675 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada 466 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tumanida $144 mln xorijiy investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ushbu majmua shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini ta’minlaydi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga so‘nggi yetti yilda $630 mln investitsiya hisobiga 400 megavattdan ortiq yangi quvvatlar barpo etilib, gidroelektr stansiyalar quvvati 2,2 gigavattga yetkazilishi reja qilingan.
Kichik va mikro GESlar qurish doirasida Farg‘ona tumanining chekka hududlarida 2ta kichik GES barpo etildi.
Birinchisi, Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri bo‘ylab 210 gektarga kengaytiriladi. Unda qiymati $1 mlrdlik 185 ta loyiha joylashtirilib, 12 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda “O‘zbekiston-Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.