“Inson” sug‘urta tashkiloti tomonidan elektron sug‘urta polislari bo‘yicha transport vositasi egasi yaqin qarindoshlarining javobgarligi uchun sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbout xizmati xabar berdi.
Kompaniya transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha haydovchilar soni “Cheklanmagan” holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirgan.
Amaliyotda sug‘urta polisi haydovchilar soni “Cheklanmagan” holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilganda polisning 7-bandidagi “Transport vositasining egasining ixtiyori bilan mazkur transport vositasidan foydalanish va uni boshqarishga qo‘yiladigan yaqin qarindoshlari (ota, ona, er/xotin, o‘g‘il, qiz, aka, uka, opa, singil)” qatorlari to‘ldirilmaydi.
Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan avtomobil egasining yaqin qarindoshlari bu transportdan mustaqil foydalanishi va boshqarishi mumkin. Mazkur harakat uchun ishonchnoma talab qilish tartibi 2019-yilda bekor qilingan.
Shunga qaramasdan, sug‘urta tashkiloti tomonidan sug‘urta tovoni to‘lab berilmagan. Bunga sabab sifatida “cheklanmagan” sug‘urta polisida transport vositasi egasining yaqin qarindoshlarining ism-shariflari va qarindoshlik darajasi ko‘rsatilmaganligi, shu sababli ularning fuqarolik javobgarligi sug‘urtalanmaganligi vaj qilib ko‘rsatilgan.
Mazkur holat bo‘yicha qo‘mita tomonidan “Inson” sug‘urta tashkilotiga nisbatan tegishli qonunda belgilangan, ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilganda iste’molchining huquqlari buzilishi alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.
Avvalroq qo‘mita tomonidan “Maxam-Chirchiq” hamda “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.