“TBC Bank Uzbekistan” faol rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun $38,2 mln kapital sarmoyalarini jalb qildi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati xabar berdi.
Sarmoyaning $23mlnini “TBC Bank Group PLC” (TBC Bank Uzbekistan’ning bosh kompaniyasi) tomonidan ajratilgan bo‘lsa, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi esa $7,6 mln ajratdi.
Qo‘shimcha kapital “TBC UZ"ga kredit portfelini yuqori sur’atda o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yangi mahsulotlar, jumladan mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritishga imkon berib, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi.
““TBC UZ” kapitaliga bunday katta sarmoyalar bizning kompaniya strategiyasiga bo‘lgan ishonchimizni, shuningdek, uning kuchli operatsion natijalari va foydaning barqaror o‘sishini ko‘rsatadi. Bizning maqsadimiz “TBC UZ"ni Markaziy Osiyodagi bank sohasida raqamli transformatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolishini ta’minlashdir”, — dedi “TBC Bank Group PLC” bosh direktori Vaxtang Butskhrikidze.
Qo‘shimcha kapital O‘zbekistonda ilg‘or raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini kengaytirish jarayonini tezlashtiradi.
Bu kredit portfelining tez o‘sishini, yangi mahsulotlar chiqarilishini va sun‘iy intellekt asosida yechimlar joriy etilishini o‘z ichiga oladi, bu esa mijozlarga eng yaxshi xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Avvalroq “TBC Bank” “Qulay Insurance” sug‘urta kompaniyasini tashkil etgani haqida xabar berilgandi.
Sug‘urtalovchining ustav kapitali 22 mlrd so‘mni tashkil etib, bank uning yagona ta’sischisi hisoblanadi.
2020-yilning aprel oyida Markaziy bank tomonidan “TBC Bank Group PLC"ga O‘zbekistonda bank sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya berilgandi. Hozirda kompaniya “TBC Bank Uzbekistan”, “Payme nasiya” va “Payme” to‘lov xizmatini taqdim etadi.
2019-yili kompaniya “Payme” aksiyalari nazorat paketining 51%ini $5,5 mlnga sotib olgandi. 2023-yilning mayida qolgan 49% ulushini $55,7 mlnga sotib oldi.