Termiz xalqaro aeroportida aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilishning oxirgi, uchinchi bosqichi yakunlandi. Bu ahqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, ikkinchi yurish yo‘lagi (РД-А) va asosiy yurish yo‘lagi uchastkasi qurilishi yakunlandi.
Har bir yurish yo‘lagining tayanch qismi kengligi 23 m, umumiy eni esa 44 m bo‘lib, bu “Boeing 787/777”, “Airbus 330” kabi keng fyuzelyajli samolyotlarga cheklovlarsiz yurish imkonini beradi.
Shuningdek, perronda uchta samolyotlar turar joylarini qurish va yoritish moslamalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi.
Rekonstruksiya uchun material sifatida uchish-qo‘nish yo‘lagi kabi sement beton ishlatilgan. Bu Surxondaryo viloyatining issiq iqlimida optimal yechim bo‘lib, uchish-qo‘nish yo‘lagi yanada mustahkam va bardoshliroq bo‘ladi.
2020-yil oxirida boshlangan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi 2022-yil dekabrida yakunlangan edi.
Shunda 4E toifali aerodrom majmuasining katta qismi, jumladan, uzunligi 3000 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va uchta samolyot turar joyi bo‘lgan perron qurilgan, shuningdek, aerodrom zamonaviy CAT-I ICAO yoritish tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qo‘nish tizimlari bilan jihozlangan edi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Termiz aeroporti aerodrom majmuasini oxirgi marta rekonstruksiya qilish 1989-yilda amalga oshirilgan.