Prezidentning “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi tashqi auditdan o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlanadi.
2025-yildan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, strategik va axborot texnologiyalari auditi turlari joriy etiladi.
Hukumat tomonidan O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni Hisob palatasiga tashqi audit o‘tkazish va baholash uchun hisobot yilidan keyingi yilning 5-martigacha yuborish tartibi belgilandi.
2024-yildan O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalariga erishish dasturlarining ijrosi har yili Hisob palatasi tomonidan baholashdan o‘tkaziladi hamda natijalari yuzasidan Prezidentga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot kiritiladi.
10-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev budjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.
Yil boshida iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari budjet xarajatlarining samaradorligi masalasiga to‘xtalib, moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.
Mazkur vazifani Hisob palatasi amalga oshirib, unda faqat budjet va maqsadli jamg‘armalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86%ini tashkil etadi.
Palata tomonidan konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etilmoqda. Unga budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlar ham qamrab olinadi.
Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi bo‘yicha IT-auditi joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.
Mamlakatda 30 mingga yaqin budjet tashkiloti va davlat korxonalari mavjud va ularni joyiga chiqib o‘rganishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketadi.
Hisob palatasida “Masofaviy nazorat markazi” ishga tushirildi. Xorijiy tajriba asosida 36ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda hududlar rivojiga katta mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Lekin mahalliy kengashlar budjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman budjeti bilan cheklanmoqda.
Har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablag‘larning 65−70%i nazoratdan chetda qolmoqda. Shu bois Hisob palatasi budjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi qayd etildi.
Yil boshida hukumat tomonidan budjet dasturlarini ishlab chiqish, nazorat qilish va samaradorligini baholash nizomi tasdiqlangandi.