Iyun oyida avtomobil bozorida sotuvlar pasaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.
O‘tgan oyda respublikada avtotransport vositalarining umumiy savdolari 13,6%ga kamaydi hamda qariyb 87 ming donani tashkil etdi. Yillik hisobda bozor faolligi 1,4 baravarga qisqardi.
Oldingi oyga nisbatan 14%ga o‘sish kuzatilgan may oyida yengil avtomobillar savdolari yil boshidagi bir oz pasayishdan so‘ng tiklanish belgilarini ko‘rsatayotgan edi.
Biroq, iyun oyida sotuvlar hajmi yana 13,3%ga, 77,6 ming donagacha pasayishi yuz berdi.
Yil hisobida yengil avtomobillar bozori ham qisqardi, bu yo‘nalishda sotuvlar bir yilda 1,4 baravarga pasaydi.
Hududiy kesimda eng katta pasayish Surxondaryo va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — o‘rtacha 22%ga qayd etildi.
Shu bilan birga, ba’zi hududlarda sotuvlar oshgani kuzatildi. Xususan, 6 oyda Xorazm va Navoiy viloyatlarida o‘tgan yilning muqobil davriga solishtirganda o‘rtacha 7%lik ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
2024-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 580 ming donani tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 19%ga pastdir.
Bu nafaqat oldin ekspluatatsiyada bo‘lgan avtomobillarga talabning pasayishi bilan, balki avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining murakkablashishi hamda rasmiylashtirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qiymatining oshishi bilan ham izohlanadi.
Shunday qilib, sotuvlar umumiy hajmining 97,3%i to‘g‘ri keluvchi yengil avtomobillarning ikkilamchi bozorida talablarning qattiqlashishi va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarining qimmatlashishi oldi-sotdi bitimlari sonining qisqarishiga ta’sir qildi, bu esa, o‘z navbatida, avtomobil bozorida umumiy savdo ko‘rsatkichlariga aks ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Birlamchi avtomobil bozori
Iyun oyida yengil avtomobillarning birlamchi bozorida savdolar o‘tgan oyga nisbatan 9%ga kamaydi hamda 26 ming donadan oshdi. Yillik hisobda faollikning kichikroq — 5,3%ga pasayishi qayd etilmoqda.
Shunday qilib, yangi yengil avtomobillarning birlamchi bozori ikkilamchi bozorga nisbatan ancha barqaror dinamikani namoyish etmoqda.
Iyun oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvining qisqarish tendentsiyasi davom etdi. Xususan, bunday avtomobillar sotuvlari may oyiga nisbatan qariyb 10%ga pasaydi. Yillik hisobda ushbu segmentda faollikning bir oz — atigi 0,8%ga pasayishi kuzatilmoqda.
Ushbu tendentsiya mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining may oyida boshlangan o‘sishiga barham berdi.
Yengil xorijiy avtomobillar
O‘zbekiston bozorida xorijiy yengil avtomobillar bozori turg‘unlik belgilarini namoyon etmoqda. Iyun oyida ushbu segmentdagi sotuvlar atigi 0,4%ga o‘sdi va 2,4 ming dona atrofidani tashkil etdi.
Faollikning nisbatan kichik o‘sishi yillik hisobda sotuvlarning sezilarli pasayishini qoplamaydi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 34%ni tashkil etdi.
Yengil avtomobillar ikkilamchi bozoridagi vaziyat sotuvlar dinamikasining pasayishi, yillik sotuvlar hajmining pasayish tendesiyasini saqlab qolayotgani bilan tavsiflanadi.
Xususan, iyun oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi faollik o‘tgan oyga nisbatan 15,3%ga pasaydi, may oyida pasayish 3,4%ni tashkil etgan edi.
Hisobot davrida ushbu segmentda 51,5 ming atrofida avtomobil sotildi. Umuman olganda, sotuvlar yillik hisobda 1,6 baravardan ko‘pga qisqardi.
Elektromobillar bozori
Iyunda yengil elektromobillar segmenti sotuvlarning pasayishini namoyon etdi. Sotuvlar hajmi 3 ming donaga yetdi, bu esa may oyidagiga nisbatan 800 dan ortiqqa kamdir.
Shunga qaramasdan, elektromobillar savdosi o‘tgan yilning iyun oyi darajasiga nisbatan 1,3 baravarga oshdi.
O‘zbekistonda elektromobillar birlamchi bozorida sotuvlar bir oy ichida sezilarli darajada — 28%ga qisqargan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda buning aks tendensiyasi kuzatilmoqda.
Bu segmentda mart oyidan buyon faollikning o‘sishi qayd etilmoqda. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 2,4%ni tashkil etdi.