Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda Quva tumani, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Quva aholisi 280 mingga yaqinlashdi. Tuman hokimligi to‘g‘ri yondashuv qilsa, investitsiya, ishlab chiqarish, ish o‘rni va eksportni karrasiga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Rossiyalik investorlar ham 5 gektarda $20 mlnlik 100 ming tonna mevani qayta ishlaydigan agrologistika markazini qurish, saudiyalik hamkor isitish va sovutish tizimlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha taklif bildirgan. Bu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
“Karkidon” suv omboridagi juda katta salohiyat ishga solinmayotgani qayd etildi. Master reja qilib, uning atrofidagi 250 gektarda ekoturizm majmuasini, 100dan ziyod dam olish, savdo-servis va ko‘ngilochar maskanlar, mehmonxona barpo etish loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Suv ombori atrofida o‘zlashtirilmagan 1,6 ming gektar adirga investitsiya kiritib, gilos, shaftoli, bodom, o‘rik bog‘larini yaratish mumkin.
Shuningdek, Katta Dehqonobod mahallasida bir necha yildan beri bo‘sh turgan, unumsiz 73 gektarda intensiv baliqchilik suv havzalarini tashkil qilsa bo‘ladi.
“Farg‘ona — Andijon” magistral yo‘lini Quvadan o‘tgan qismidagi 11 gektarda $40 mlnlik savdo va servis obyektlarini joylashtirish mumkin.
Prezident tumanda mebelchilikni rivojlantirish, “Shahriston Kubosi” arxeologiya yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etish va turistlarni jalb qilish kabi imkoniyatlarni ham ko‘rsatib o‘tdi.
Bularni hisobga olib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo va turizmni jadal rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha yangi yondashuvlar asosida Quva tumani uchun ikki yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Quva iqtisodiyotining o‘sish nuqtasi bo‘lgan har bir hudud bo‘yicha master reja ishlab chiqiladi va 100 mlrd so‘m ajratiladi.
Transport vazirligiga “Toshkent — Andijon” yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdi Quvada ham to‘xtab o‘tishini tashkil qilish topshirildi.
Qo‘qon erkin sanoat zonasida $400 mlnlik 100ga yaqin loyihalar ishga tushdi. Qo‘qonda hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi sabab, maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Unda $1 mlrdlik loyihalarni boshlash, kamida 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish reja qilingan.
Qo‘qon superfosfat zavodi o‘rnida tashkil qilingan “Indorama Qo‘qon” korxonasi mineral o‘g‘it ishlab chiqarishni boshladi. Singapurlik hamkorlar “Farg‘ona azot"ni modernizatsiya qilishga ham $250 mlnlik investitsiya kiritib, mahsulot hajmini yana 850 ming tonnaga oshirish bo‘yicha ishlarni boshlagan.
Endilikda Qo‘qon va Farg‘onadagi bu zavodlar yagona kimyo klasteri bo‘ladi. Ularda suyuq o‘g‘itlar, natriy nitrati, magniy xlor kabi hozirda import bo‘layotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Qo‘qondagi mexanika zavodining 11 gektarida kimyo texnoparkini tashkil qilish va joriy yilning o‘zida $100 mlnlik loyihalarni boshlash rejalashtirilgan.
Avvalroq Prezident Farg‘onada 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start bergandi. Hududda Xitoy bilan hamkorlikda $144 mln investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.