O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisob yuritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11-iyul kuni “Hududiy elektr tarmoqlari"da o‘tkazilgan matbout anjumanida korxona boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
“Elektromobillar ko‘paymoqda. Bu [elektromobillarni quvvatlash uskunalari] bo‘yicha ham odamlar qo‘shimcha hisob raqam [ochishni] so‘rashmoqda. Fuqarolar, bevosita, yashashlari uchun alohida, elektromobillar uchun alohida elektr energiyasidan foydalanishni xohlashmoqda. Biz hisob ochishda Toshkent va Samarqand shaharlarida muammoga uchrayapmiz”, — dedi Alvar G‘aybullayev.
Uning tushuntirish berishicha, o‘rnatilgan bitta hisoblagich bitta iste’molchida (fider) bitta transformatordan elektr energiyasini oladi. Shunday joylar bo‘layaptiki, elektr energiyasi yo‘qligi uchun ikki tomonlama, uch tomonlama ulashadi.
“Lekin uning hisobi bizdan (“Hududiy elektr tarmoqlari"dan — “Spot” izohi) chiqib ketadi. Chunki, bitta hisoblagich, bitta transformatordagi ma’lumot yig‘uvchi konsentratorga bog‘langan. Mana shu jihatlari bor, bularning oldini olish uchun biz barcha takliflarni berganmiz”, — deydi u.
Uning qayd etishicha, hozirda joylarda elektromobillar masalasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Biroq, elektromobillarga elektr energiyasini yetkazib berish faqat hisob raqam ochish bilan bog‘liq emas.
“Butun tizimdagi barcha uskunalarni, hatto, simning kesishmasigacha kengaytirishimiz kerak. Nimaga? Masalan, hovlilariga quvvatlash uskunalarini o‘rnatgan fuqarolardan elektromobillarni quvvatlaganda simlar qizib, yonib ketishi haqida savollar bo‘ladi. O‘tgan yili anomal sovuq paytida ham nima uchun ko‘p qavatli binolarda kabellar yonib ketdi? Bizlarda 70−80 yillarda qurilgan uylar simining kesishmasi uydagi bitta muslatgich va televizorga hisob-kitob qilingan va o‘sha payt uchun bu to‘g‘ri kelardi”, — deya tushuntirdi G‘aybullayev.
Biroq, hozir ko‘p qavatli uylarda har bitta xonaga konditsionerlar o‘rnatiladi va bunga yo‘laklardagi simlar kesishmasi to‘g‘ri kelmaydi. Ular qizib ketishi yoki ishdan chiqishi mumkin.
Bu kabi simlarni butunlay almashtirish uchun loyiha institutlariga topshiriqlar berilgan. Xususan, elektromobillarni quvvatlantirish borasida simning yirik liniyalarda ham kesishmasini hisobga olish topshirilgan.
Shuningdek, u qish paytida anomal sovuqda kabellar erib ketishini 3−4 baravar ko‘p elektr enegiyasi qabul qilingani bilan izohladi. “Loyiha instituti simlarning kesishmasini 3−4 barobarga ko‘p hisoblay olmaydi, uning ham me’yori bor”, — dedi Alvar G‘aybullayev.
Shaxsiy elektromobillarni quvvatlantirish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha ikkinchi tarif guruhiga belgilash bo‘yicha hisob-kitob ishlari amalga oshirilmoqda.
Uning qayd etishicha, bu bo‘yicha topshiriq berilgan bo‘lib, yangi tartib joriy yildan yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Joriy yilning may oyida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulash tartib-taomillarini soddalashtirildi. Mamlakatda aholining elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yig‘ilishda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy etilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq “BYD” O‘zbekistonda avtomobillarning budjet modellarini ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi. Xitoy kompaniyasi bilan mamlakatda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarishga kelishildi.