12-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda prezident viloyatning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Quvasoyning Pakana, Kokilon va So‘fon mahallalari hisobidan Qo‘qon iqtisodiy zonasi hududi 210 gektarga kengaytiriladi. Bu yerlarda $200 mlnlik, kelgusi yilda $500 mlnlik loyiha qilish, kamida 10 ming ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.
Viloyat hokimiga 19ta tuman-shaharning har birini Xitoy tajribasi asosida sanoatning aniq yo‘nalishiga ixtisoslashtirish va ularda sanoat zonalarini tashkil qilish topshirildi.
Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish sharti bilan qo‘shimcha 1 210 gektar yer ajratish mumkin. Buning uchun viloyat hokimligi huzurida direksiya tashkil qilinadi.
Sanoat zonalaridagi binolarni mahalliy tadbirkor hamkori bilan qurib, ijaraga oladi yoki muddatli sotib oladi. Sanoatni tuman va mahallaga tushirish uchun infratuzilma xarajatlariga 50 million dollar ajratiladi.
Bu mablag‘ni viloyatning o‘zi tasarruf qiladi va qaytgan mablag‘ni keyingi loyihalarga ishlatishi mumkin bo‘ladi. Viloyat hokimligiga 161ta yirik mahallada ham 1 gektardan maydonda 4−5 qavatli sanoat markazlarini tashkil qilish topshirildi.
Energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida $2 mlrdlik loyihalar rejalashtirilgan. Toshloqda $120 mlnlik float oynasi, O‘zbekiston tumanida $80 mlnlik 20 turdagi qurilish materiallari korxonasi, Quvasoyda $65 mlnlik keramo-granit loyihasini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Quvasoyda elektromobilni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasini joriy yilda ishga tushirish, Rishtonda yiliga 17 ming tonna biologik parchalanadigan noto‘qima mato ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
So‘nggi uch yilda viloyatdagi 110 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun 25,5 ming gektar yer berilgan. Ushbu yerlarda 3 marta hosil olish bo‘yicha Farg‘ona tajribasini yaratish topshirildi.
Kelgusi yili viloyatdagi barcha paxta maydonlarida Shinjon-Uyg‘ur tajribasi asosida paxtani ko‘chatlab ekish texnologiyasi joriy qilinadi, zamonaviy urug‘chilik korxonasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 15ta tumanda 500 gektardan yerda bog‘lar tashkil qilinib, 50 sotixdan 30 ming aholiga bo‘lib beriladi, viloyatdagi 8 ming gektar samarasiz bog‘lar yangilanadi.
Farg‘ona tumanida sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlari ekiladi. Qo‘shtepa va Yozyovonda 1 ming gektardan yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari tashkil qilinadi.
Viloyatdagi yirik bog‘bonlarning yerida 50−100 tonnalik muzlatkichli ombor tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Buni hisobiga ularning eksport salohiyati 2 barobarga oshadi, yo‘qotishlar 25%ga qisqaradi, 4 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston, Rishton, Beshariq, Bog‘dod tumanlarida joriy yilda har biri 10 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish topshirildi.
Viloyat bog‘bon-tadbirkorlarining meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6%gacha qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, Quvasoydagi 12 ming gektar yeri bo‘lgan 616ta fermerning yer solig‘i yarmiga kamaytirilsa, adolatdan bo‘lishi ta’kidlandi.
Qariyb 20 yil yopiq bo‘lgan Shohimardon va Yordon anklav qishloqlariga o‘tgan yili 400 mingga yaqin turist bordi.
Lekin, “Vodil” va “Oq-qiya” chegara o‘tkazish punktlari xalqaro maqomga ega emasligi bois xorijiy turistlar Shohimardon va Yordonga O‘sh orqali aylanib kelishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu masala hal bo‘lsa, tadbirkorlar ushbu 2ta qishloqqa $100 mln investitsiya kiritmoqchi.
Bu borada qo‘shni mamlakat bilan tegishli muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Mutasaddilarga Shohimardon va Yordon qishloqlari, Vodil shaharchasining master rejasini ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Farg‘onada sayyohlik halqasini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrida 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi.